Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Toshkent shahridan fuqaro N. M. murojaat qilib, huquqi tiklanishida amaliy yordam so‘ragan. U o‘z murojaatida jizzaxlik fuqaro A. B. 43,4 million so‘m pulini bermayotgani, qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mashinasi bo‘lishiga qaramay, haligacha davlat ijrochilari tomonidan qarz undirilmayotganini ma’lum qilgan.
Murojaatchi ayolning 2021 yilda turmush o‘rtog‘i vafot etgan va hozirda 3 nafar farzandning yagona boquvchisi hisoblanadi. Aslida fuqaro A.B. murojaatchining marhum turmush o‘rtog‘idan qarzdor bo‘lgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Paxtakor tumani sudining 2022 yil 12 fevraldagi zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Jizzax viloyati Paxtakor tuman bo‘limiga 2022 yilning avgust oyida kelib tushgan. Lekin shu kunga qadar qarzdorlik undirilmagan. Murojaatchi arizasida qarzdor A. B. ning “Cobalt“ rusumli avtomobili erkin harakatlanib yurgan bir paytda MIB xodimlari sud qarorini ijro etish uchun borib, xolislar ishtirokida avtotransport vositasi yo‘qligi haqida dalolatnoma tuzib, undiruvchiga yuborish bilan cheklanganini qayd etgan. Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, holat Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, ijro hujjati bo‘yicha qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan. Qarzdor nomida undiruvga qaratish mumkin bo‘lgan “Cobalt“ rusumli avtotransport vositasi borligi aniqlangan va unga nisbatan onlayn taqiq qo‘yilgan. Ushbu avtotransport vositasini topish bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasiz bo‘lganligi bois avtomashinaga nisbatan 2023 yil yanvar oyida qidiruv e’lon qilingan.
Qaror ijro qilish uchun Jizzax viloyati IIB JXX YHXBga yuborilgan. Jizzax viloyat prokuraturasining Ombudsmanga ma’lum qilishicha, murojaatni ko‘rib chiqish davomida 2023 yil 29 mart kuni qarzdor hisobidan undiruvchi foydasiga 43,4 million so‘mdan 1,7 million so‘m undirilishi ta’minlangan. Hozirda qolgan qarzni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, davlat ijrochisiga nisbatan sud hujjati ijrosini ta’minlashda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu murojaat Ombudsman nazoratida.
Ombudsman xodimlari murojaat egasi, 3 nafar farzandning yagona boquvchisi bo‘lgan beva ayol bilan bog‘langanda, aprel-may oylarida hech qanday qarzdorlik undirilmagani ma’lum bo‘ldi.
Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, Ombudsman MIBning Jizzax viloyati Paxtakor tumani bo‘limi xodimlaridan qarzdorlikning qolgan qismini ham marhum undiruvchining turmush o‘rtog‘iga undirilishida sustkashlikka yo‘l qo‘ymaslikni so‘raydi.
N. Abduraimova, O‘zA