O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova boshchiligidagi delegatsiya Turkiya davlatida bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida delegatsiya vakillari Anqara shahrida Turkiya parlamentining bosh Ombudsmani Sheref Malko‘ch bilan uchrashdi.
O‘zbekiston va Turkiya Ombudsmanlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat inson huquqlarini ta’minlash borasida ikki mamlakat Ombudsmanlarining mustahkam hamkorligiga zamin yaratdi.
Memorandum doirasida Turkiya Respublikasi hududidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Turkiya Respublikasi fuqarolarining huquqlari va erkinliklarining buzilishi holatlari bo‘yicha kelib tushgan murojaatlarni hal etishda ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, Turkiya Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy masalalar bo‘yicha bosh direktori Xakan Oztatar, Inson huquqlari bo‘yicha vakil, Turkiya Buyuk millat majlisidagi “Turkiya – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi Osman Mesten hamda Turkiya Oliy Ma’muriy sudi prezidenti Zeki Yigit bilan ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Turkiya Respublikasiga tashrifi davomida ushbu mamlakatda yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan ham uchrashdi.
O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida tashkil etilgan uchrashuvda dastlab, O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlar, Ombudsman instituti faoliyati, uning qonunchilik bazasi va vakolatlari haqida vatandoshlarga ma’lumot berildi.
Muloqot davomida 50 nafardan ortiq yurtdoshimiz bugun Turkiya Parlamentining bosh Ombudsmani bilan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangani va uning doirasida Turkiyada yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularni qiynagan masalalarni bartaraf etish choralarini ko‘rish belgilab olingani haqida xabardor qilindi.
Hamyurtlarimiz bilan o‘tkazilgan uchrashuv davomida ular Ombudsman va O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisiga ta’lim, sog‘liqni saqlash, moddiy yordam, fuqarolikni rasmiylashtirish, til o‘ranish kurslarini tashkil etish kabi masalalarda murojaat qilishdi.
N.Abduraimova, O‘zA