Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman tomonidan jazoni ijro etish muassasalarida doimiy monitoring o‘tkaziladi
13:15 / 2020-11-26

“Taraqqiyot strategiyasi” markazida “Jazoni ijro etish tizimi faoliyati: xalqaro standartlar hamda xorijiy va milliy tajriba” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘quv seminari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), Ichki ishlar vazirligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi, BMT Demokratiya jamg‘armasi va Xalqaro qamoqxonalar islohoti (PRI) xalqaro nodavlat tashkilotining ko‘magida tashkil etildi.  

Seminar o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari va xodimlariga jazoni ijro etish muassasasi faoliyatiga oid xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalar haqida, xususan, jazoni ijro etish muassasalaridagi menejment va servis dasturlarini tashkil etish yuzasidan ma’lumot berish hamda treninglar tashkil etishdan iborat.

Ishtirokchilarga jazoni ijro etish tizimida hamda ushlab turilgan, qamoqqa olingan va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari qoidalari” (Nelson Mandela qoidalari) tarjima qilinib, jazoni ijro etish muassasalariga tarqatildi. Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan mahkumlarga ilk marotaba saylov huquqi berildi.

Shuningdek, mahkumlarning ish haqidan ijtimoiy sug‘urta ajratilmasligi belgilanib, pensiya ta’minotiga ega bo‘lishi ta’minlandi. Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning telefon so‘zlashuvi, yo‘qlov va uchrashuvlar olishi soni qariyb ikki barobarga ko‘paytirildi. Toshkent viloyati Zangiota tumanida zamonaviy, xalqaro standartlarga mos ravishda yangi tergov hibsxonasi qurilib, foydalanishga topshirildi.

Bundan tashqari, davlat byudjeti hisobidan 18 ta koloniya kapital hamda 17 ta koloniya joriy ta’mirlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan 19-son ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar uchun umumiy ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori va amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmuni yetkazildi.

O‘quv seminar ishtirokchilariga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm (MPM) doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va jazoni ijro etish muassasalarida amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari to‘g‘risida ma’lumot berildi.  

Xususan, monitoring guruhlarida fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari ishtirok etmoqda.

Vakil huzuridagi Milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat ko‘rsatuvchi ekspert guruhi tomonidan joriy yilning o‘n oyi davomida tergov hibsxonalari, ozodlikdan mahrum etish joylari va shaxslar turgan, o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan boshqa joylarda 68 ta monitoring o‘tkazildi.

Monitoringlarning 40 tasi jazoni ijro etish muassasalari, 6 tasi tergov hibsxonasi, 5 tasi ichki ishlar organlarining ma’muriy qamoqqa olinganlarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalari, 9 tasi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 2 tasi ichki ishlar bo‘limlari, 2 tasi muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya etish markazi, shuningdek, 4 tasi karantin muassasalarda amalga oshirildi.

Monitoring tashriflari davomida tergov hibsxonasi va ozodlikdan mahrum etish joylardagi 3 ming 700 dan ortiq shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar va 534 ta shaxs bilan yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi. Monitoringlar Vakil tomonidan doimiy tarzda amalga oshiriladi va Vakilning alohida nazoratida bo‘ladi.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA