Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman: tergov hibsxonasida qanday kamchiliklar aniqlandi?
11:53 / 2023-07-28

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) yopiq muassasalarga monitoring tashriflarini muntazam amalga oshirmoqda. Bu jarayonga jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari ham jalb etilmoqda.

Ombudsmanning mintaqaviy vakillari ham o‘z hududlaridagi yopiq muassasalarda bo‘lib, mahbus va mahkumlarga yaratilgan sharoit bilan tanishib bormoqda va ularning murojaatlariga e’tibor qaratmoqda.    

Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Ortiqov viloyatdagi 9-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.  

Aniqlanishicha, tergov hibsxonasining umumiy sig‘imi 300 nafar kishini tashkil qilsada, hozirgi vaqtda qamoqqa olingan shaxslar va mahkumlar 438 nafarni tashkil qilmoqda. Shundan 138 nafar qamoqqa olingan shaxslar va mahkumlar binoning ta’mirtalab bo‘lib qolgan qismida saqlanmoqda.  

Monitoringda mahbuslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish  va boshqa sharoitlari o‘rganildi. Havo haroratining keskin isishi sababli kameralarga ventilyator joylashtirilgan.  

Tergov hibsxonasidagi xodimlar va mahkumlar uchun tashkil etilgan kutubxonalar ko‘zdan kechirilganda, xodimlar uchun 704 va mahkumlar uchun 2 ming 992 kitob mavjudligi aniqlandi.  

Muassasada xo‘jalik xizmatiga jalb etilgan mahkumlar uchun qurilgan uzoq muddatli uchrashuv xonalari mavjud va bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan.  

Qayd etish lozimki, avvallari tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlarga chiqa olmas edi. Tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashishlariga yetarli sharoitlar yaratilmoqda. 

Monitoring doirasida sayyor qabul ham o‘tkazilib,  mahbuslarning hibsxonada yaratilgan sharoitlar bo‘yicha fikrlari ham o‘rganildi.  

Monitoring yakunlari bo‘yicha Ombudsman mintaqaviy vakili tomonidan ta’mirtalab binoda saqlanayotgan shaxslarga tegishli sharoitlar yaratish, oshxonada sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish, kutubxonalarni huquqiy adabiyotlar bilan boyitish bo‘yicha va mahbuslar fikrlaridan kelib chiqib tegishli tavsiyalar berildi.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA