Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda jamoatchilik guruhlari tomonidan 2025 yilning iyun oyida Quyi Chirchiq va Chinoz tumanlari ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonalarida monitoring o‘tkazilgan.
Tashrif davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Ichki ishlar vazirligiga Ombudsman taqdimnomasi kiritilgan.
Ombudsmanga ma’lum qilinishicha, monitoringda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli chora-tadbirlar belgilanib, Quyi Chirchiq tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasiga ventilyatsiya tizimi va radioeshittirish qurilmasi o‘rnatildi. Kameralar kerakli anjomlar bilan jihozlandi. Sayr qilish hovlisi va sanitariya tarmoqlarida ta’mirlash ishlari olib borilib, gigiyena talablariga muvofiqlashtirildi.
Shu bilan birga, shaxslarni saqlashning sanitariya-gigiyena qoidalari talablariga zid bo‘lgan Chinoz, Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari faoliyati Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan tugatildi.
Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan inson huquqlari ta’minlanishiga oid monitoringlar davom ettirilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA