Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman taqdimnomasi asosida sakkiz nafar mas’ul shaxs egallab turgan vazifasidan ozod qilindi
15:43 / 2022-04-04

Ombudsmanga huquqini tiklashni so‘rab murojaat qilgan fuqarolar foydasiga sud qarorlariga ko‘ra 210,8 million so‘m zarar undirildi.

Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan 14 fuqaroga uy-joy ajratildi. Tadbirkorlarga 145 million so‘mlik ortiqcha to‘langan soliq to‘lovlarini qaytarib berishda ko‘mak berildi. 
 
Sudlarga ish  haqini undirishga qaratilgan ko‘plab da’vo arizalari kiritildi. 62 nafar fuqaroga 787,8 million so‘m ish  haqi to‘lanishi ta’minlandi.  

10 nafar fuqaro ishga tiklandi, 5 nafar fuqaroga ish joyida mehnat qobiliyatini yo‘qotganligi uchun sog‘ligiga yetkazilgan 9,2 million so‘mlik zarar undirildi. Fuqarolarga 148 million  so‘mlik kreditlarni rasmiylashtirishda ko‘maklashildi. 

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) tomonidan o‘tgan yilda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha o‘tkazilgan brifingda shu kabi ma’lumotlar berildi.  

Ombudsman matbuot kotibi Fotima Madrahimova O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan o‘tgan yilda jami 18 ming 738 murojaat kelib tushganini qayd etdi.  

Ombudsman tomonidan parlament nazorati sub’ekti sifatida vakolat doirasida 11 ming 257 murojaat o‘z ish yurituviga olingan.  

Eng ko‘p murojaat Toshkent shahri, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hisobiga to‘g‘ri kelgan.   

Murojaatlarda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalar – fuqarolarning shaxsiy mulkka bo‘lgan huquqlari va mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘ldi. Ijtimoiy imtiyoz va nafaqalar, moddiy yordam olish, insonparvarlik aktini tatbiq etish, sud-tergov jarayonlari, fuqarolarning davlat organlari va muassasalariga murojaat qilish huquqlarini ta’minlash kabilar ham murojaatlarning salmoqli qismini tashkil etgan.   

Davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 14 taqdimnoma, 36 xulosa, 44 da’vo arizasi kiritilgan.  

Taqdimnomalar vazirlik va idoralarning kengaytirilgan majlislarida muhokama qilinib, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash hamda ijro intizomi talablarini buzgan va o‘z faoliyatida mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan 82 nafar xodimga nisbatan “hayfsan”, 9 nafar xodimga nisbatan “jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. 8 nafar xodim egallab turgan vazifasidan ozod qilingan.   

Ombudsmanning ta’sir choralarini qo‘llash va ularning samaradorligiga erishish darajasi 2,4 barobarga oshgan. Jismoniy shaxslarning mulk huquqlari kafolatlari masalasida Ombudsman ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqish uchun bitta masala kiritdi. 

Shuningdek, Ombudsman xodimlari sudlarda kuzatuvchi sifatida 108 marotaba ishtirok etgan. Inson huquqlari bo‘yicha vakilga yuborilgan shaxsiy huquqlar va erkinliklarga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 21  jinoiy va ma’muriy va 9 intizomiy ish qo‘zg‘atildi.   

Murojaat qiluvchilar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi 29 qaror bekor qilindi. Mas’ul mansabdor shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berish uchun 25 ta tekshiruv o‘tkazildi.   

Ombudsman murojaatidan so‘ng sud qarorlariga nisbatan prokuratura organlari orqali 6 ta protest kiritilgan.  


N.Abduraimova, O‘zA