Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman: Qashqadaryodagi yopiq muassasalardagi ahvol qanday?
19:04 / 2022-09-29

Qashqadaryo viloyati, xususan, Qarshida joylashgan qamoqxonalar haqida ilgari turli noxush xabarlar, eng qiyin sharoit, hatto qiynoqlar borligi haqida gap-so‘zlar tarqalib turar edi. Bu haqiqatga qanchalik yaqinligini bilish uchun jamoatchilik o‘sha yopiq muassasalarga kira olmas edi.

bugungi kunda har qanday yopiq muassasa Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Ombudsman) uchun, mazkur tashkilot huzurida tuzilgan jamoatchilik guruhi uchun ochiq. Muhimi, ular qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan erkin va xoli muloqot qilish, ularning arzini eshitish imkoni bor.

Ombudsman tomonidan qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga milliy preventiv mexanizm doirasida navbatdagi monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Ombudsman Feruza Eshmatova va tuzilma xodimlari, mazkur viloyatidagi mintaqaviy vakili, tegishli davlat idoralari mas’ullaridan iborat ishchi guruh 5-son tergov hibsxonasidagi sharoitlarni o‘rgandi.

500 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur hibsxonada monitoring o‘tkazilgan kunda 497 nafar mahbus va 17 nafar xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlar saqlanayotgani aniqlandi.

Mahbuslarning 17 nafari ayollar bo‘lib, ular saqlanayotgan kameralar ko‘zdan kechirilganida, tergov hibsxonasida yaratilgan sharoitlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi.

Kameralar radiomoslamalari bilan ta’minlangan va isitish tizimi bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanmadi. Lekin kameralar ko‘zdan kechirilganida, yoqimsiz hid kelayotgani, bu esa qabulxonada suv-oqava tizimidagi mavjud kamchiliklar natijasida vujudga kelganligi ma’lum bo‘ldi.

Mahbuslar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlarda bir necha ayol sud tergov jarayonlari, sudlarda Ombudsman vakilining ishtiroki, qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirish yuzasidan murojaat qildi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hibsxona xodimlari mahbuslar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishmoqda, oila a’zolari va advokatlar bilan uchrashuvlarda muammolar yo‘q hamda yo‘qlovlarni ham o‘z vaqtida olishmoqda.

Ombudsman vakillaridan iborat guruh qisqa muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv xonalari, oshxona, kutubxona va sudlarda onlayn ishtirok etish imkonini beruvchi onlayn konferensiya xonalarini ko‘zdan kechirdi.

Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berildi. Jumladan, 3 mingga yaqin kitob mavjud bo‘lgan kutubxonada mahbuslar tomonidan eng ko‘p so‘raladigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi mavjud emasligi, bu kamchilikni bartaraf etish zarurligi topshirildi.

Tergov hibsxonasida mahkum va mahbuslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha sharoitlar o‘rganilganda, ikkita o‘rin vakant ekani ma’lum bo‘ldi. Davolash profilaktika bo‘limida kadrlar yetishmovchiligiga tibbiyot mutaxassislari orasida yopiq muassasalarda ishlash bo‘yicha ba’zi imtiyozlar bo‘lishiga qaramay, qiziqish pastligi sabab bo‘layotgan ayon bo‘ldi.

Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan yopiq muassasalarda ishlaydigan shifokorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Hibsxonada stomatolog shtati ham mavjud. Haftada uch marotaba stomatolog kelib har qabulida 10-15 nafar mahbusni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, davolab ketadi. Lekin monitoring davomida stomatolog xonasining sanitariya-gigiyena talablariga muvofiq emasligi aniqlanib, zarur tavsiyalar berildi.

Monitoring doirasida Ombudsmanga mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlaridan yuborilgan 20 ga yaqin murojaatda keltirilgan vajlar o‘rganib chiqildi va mahbuslar bilan murojaat yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.

Ushbu muassasada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlariga yaratilgan sharoitlarga ham e’tibor qaratildi. Hibsxonada mahkum va mahbuslarga kiritilayotgan yo‘qlovlarni qabul qilish va ko‘zdan kechirish jarayonlari rentgen apparati yordamida amalga oshirilmoqda. Aholini kuttirib qo‘ymaslik va vaqtni tejash maqsadida besh oy avval amaliyotga tatbiq qilingan mazkur qulaylik natijasida ilgarilari kechgacha qabul qilingan yo‘qlovlar hozirda uzog‘i 16:00 ga qadar yakunlanmoqda. Qolaversa, fuqarolarga kutish joylari va fuqarolar qabuli bo‘yicha ham sharoitlar yaratilgan.

Monitoring doirasida Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi maxsus qabulxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu muassasada ma’muriy qamoqqa olinganlar uch sutkadan o‘n besh sutkagacha bo‘lgan muddatlarda saqlanadi.

2020 yilda foydalanishga topshirilgan mazkur binoda saqlanayotgan shaxslarga kerakli sharoitlar yaratilgan. Ayollar va erkaklar alohida-alohida kameralarga joylashtirilgan. Ularga har kuni sayr qilish va bir marotaba qarindoshlariga telefon qilish imkoniyati yaratilgan, kutubxona va sport maydonchalari ham tashkil etilgan.

Tashrif doirasida Qarshi shahri, Koson va Kitob tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari, 2, 3 va 10-sonli jazoni ijro etish koloniyalari, 35-sonli manzil-koloniya, reabilitatsiya qilish markazi, 1-sonli asab-ruhiy kasalliklari dispanseri va shifoxonasi hamda boshqa yopiq muassasalarda yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

N.Abduraimova, O‘zA