Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro M.P. o‘zining ehtiyotsizligi va soddaligi oqibatida katta miqdordagi mablag‘dan mahrum bo‘lgani yuzasidan murojaat qilgan.
Fuqaro M.P. 2024 yil dekabr oyida o‘zini Ichki ishlar, Davlat xavfsizlik xizmati va Markaziy bank xodimi deb tanishtirgan shaxslar ta’sirida kriptovalyuta orqali 170 ming AQSH dollarini o‘tkazib yuborganini bildirgan. Shu maqsadda u avtomashinasi va uyini sotgan, jamg‘armalarini yo‘qotgan, hatto qarzga kirgan.
Fuqaro M.P. 2024 yil dekabr oyida Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilgan. Shu asosda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va u jabrlanuvchi sifatida tan olingan.
Ombudsman shikoyatda ko‘rsatilgan vajlarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.
Murojaat hamkorlikda o‘rganilishi natijasida Kiberxavfsizlik boshqarmasi tomonidan Kriptodo‘kondan fuqaro M.P. foydasiga 115 ming AQSH dollari undirib berildi.
Ombudsman axborot xizmatidan xabar berishlaricha, ayni paytda firibgarlik bilan bog‘liq ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ammo ularning aksariyatida mablag‘larni qaytarish imkoni bo‘lmayadi. Bu esa, firibgarlikdan ogoh bo‘lish, aldanib qolmaslikni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, Ombudsman fuqarolarni hushyor va ogoh bo‘lishga chaqirdi. O‘zini huquqni muhofaza qiluvchi organi yoki bank xodimi, deb tanishtirgan, ammo shaxsiy raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilayotgan, to‘lov yoki ma’lumot so‘rayotgan shaxslarga ishonmaslik kerak. Telefon orqali pasport yoki ID-karta, plastik karta, PIN-kod, SMS-kod kabi shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik shart. Tanimagan shaxslar kriptovalyuta orqali to‘lov qilishga undasa, bu holatni darhol to‘xtatish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish kerak.
N.Abduraimova, O‘zA