Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasini ko‘rib chiqdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida inson huquqlarini himoya qilish sohasida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson qadrini yuksaltirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning samarali tizimi yaratildi.
O‘zbekiston bu boradagi xalqaro talab va majburiyatlarni to‘laqonli bajarib kelmoqda va bu nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan keng e’tirof etilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) instituti faoliyati ham tubdan isloh qilindi. Uning vakolatlari kengaytirilib, hududlardagi faoliyati kuchaytirildi.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi farmoniga asosan Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyati yanada oshirildi.
Ushbu farmon bilan Ombudsmanning hududlarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda mintaqaviy vakillar fuqarolarning murojaatlarini qabul qilib, muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etmoqda.
2024 yil 15 noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonun bilan Ombudsmanning vakolatlari kengaytirildi. Institutsional maqomi yanada mustahkamlandi. Ushbu hujjatda Ombudsmanga o‘z vazifalarini moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qo‘shimcha kafolat va huquqlar berildi.
Mazkur Qonunga asosan Ombudsman qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasalar, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida, vaqtincha saqlash va tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida bo‘lib, monitoring va nazorat tadbirlarini o‘tkazmoqda.
Ombudsman ma’ruzasiga ko‘ra, 2025 yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) nomiga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 26 ming 372 ta murojaatlar kelib tushgan.
[gallery-27583]
Ombudsman tomonidan murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi qonunbuzilish holatlari, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va idoralariga, mansabdor shaxslarga 194 ta taqdimnoma, talabnoma, ariza va da’vo arizalari hamda xulosa shaklidagi ta’sir choralari kiritilgan.
Vakil tomonidan qo‘llanilgan ta’sir choralari 2024 yilga nisbatan 7 foizga oshgan. Shuningdek, Ombudsman tomonidan tashkilotlar yoki mansabdor shaxslarga 36 ta taqdimnoma kiritilib, ularning 72,2 foizi ijobiy hal etilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish yakuniga ko‘ra, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatida 11,8 mlrd.so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishiga ko‘maklashilgan.
Hisobot yilida Ombudsman va Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 ta monitoring tashriflari amalga oshirilgan. Natijada jazoni ijro etish muassasalarida inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan samarali nazoratni ta’minlashga erishilgan.
Jahon hamjamiyatida inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda milliy institutlarning faol ishtiroki dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ombudsman xalqaro sheriklik va institutsional hamkorlikni kengaytirish orqali milliy huquqiy mexanizmlarni takomillashtirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
2025 yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili dunyo Ombudsmanlari platformasi Osiyo-Tinch okeani forumiga a’zo bo‘ldi. Daniya Ombudsmani hamda Germaniyaning Fridrix Ebert jamg‘armasi bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlarini imzoladi. Ombudsman va Rossiyaning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rtasida chet elda vaqtincha yashayotgan fuqarolar huquqlarini ta’minlashga qaratilgan 2025 — 2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.
Deputatlar Ombudsmanning 2025 yildagi faoliyati davomida qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlarga e’tibor qaratdilar. Bu boradagi ishlarning samaradorligini yanada oshirish zarurligini qayd etdi.
Shu bilan birga, Ombudsmanning o‘tgan yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, uning faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolarning yangi tahrirdagi Konstitutsiya va boshqa qonunlarda kafolatlangan huquqlari, erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha qator tavsiyalar berdilar.
Majlisda siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari ham Ombudsman ma’ruzasi yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirib o‘tdi. Munozaralardan so‘ng, ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Gulruh AGZAMOVA, Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi:
— Ombudsmanning Qonunchilik palatasiga taqdim qilgan navbatdagi yillik ma’ruzasi dastlabki tarzda qo‘mitamiz yig‘ilishida, shuningdek, siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda Ombudsmanning Qonunchilik palatasi bilan hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu hamkorlik qonun ijodkorligi jarayonida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, amaldagi qonunlarni takomillashtirish hamda fuqarolar murojaatlari asosida tizimli muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Ombudsman qonun loyihalarini ekspertizadan o‘tkazishda ham faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, Ombudsman va deputatlar hamkorligida joylarda o‘rganish ishlari muntazam olib borilmoqda. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli vazirliklarga parlament so‘rovlari yuborildi. Shu bilan birga, qator vazirlik va idoralarga taqdimnomalar kiritildi.
Qo‘mita tashabbusi bilan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari hamkorligida inson huquqlari bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlar, amaldagi qonunlar inventarizatsiya qilindi.
Joylarga amaliy tashriflar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda Ombudsman instituti amaliyoti so‘nggi yillarda sezilarli darajada faollashgan.
Feruza ESHMATOVA, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman):
— Biz uchun har bir murojaat — bu shunchaki raqam emas. Uning ortida inson qadrini yuksaltirish masalasi turibdi. Ombudsman institutining pozitsiyasi aniq: huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan fuqaroga ko‘maklashish.
Xalqimizning ijtimoiy faolligi oshmoqda, bu inson huquqlari borasidagi davlat siyosati va Ombudsmanga ishonch ortayotganining ifodasidir.
Bugungi kunda biz nafaqat murojaatlarni ko‘rib chiqish, balki ular ortidagi tizimli muammolarni aniqlashga harakat qilmoqdamiz. Biz mamlakatimizda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar va qonunchilikdagi ijobiy o‘zgarishlar haqida fuqarolarni yanada kengroq xabardor qilishni asosiy maqsadlarimizdan biri sifatida belgilaganmiz.
“Ombudsman maktabi”, “Ombudsman soati”, “Tenglik va hurmat” platformasi doirasida ochiq muloqotlar o‘tkazmoqdamiz. Shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz bilan ham doimiy uchrashuvlar tashkil etyapmiz.
Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari hamda Migratsiya agentligi hamkorligida alohida reja ishlab chiqilgan.
Unga muvofiq, fuqarolarimizning xorijda huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish va davlat organlari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan harakatni ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Shuhrat JO‘RAEV, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili:
— Davlatimiz tomonidan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari faoliyatiga alohida e’tibor berilayotgani hududlarda, ayniqsa, olis mahallalarda aholi huquq va manfaatlarini himoya qilishda sezilarli natija bermoqda.
Masalan, sanoat rivojlanib borayotgan Navoiy viloyatida tabiiyki, mehnat munosabatlari bilan bog‘liq murojaatlar soni ko‘paymoqda. Biz ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish, tegishli mutasaddilar bilan hal etish barobarida, fuqarolarimizning bu boradagi huquqiy bilimlarini oshirish choralarini ko‘rmoqdamiz.
Nurullo Nasriyev, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA