Qarshi davlat texnika universitetida O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan “Ombudsman maktabi” doirasida huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning viloyatdagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan tashkil etildi. Unda mintaqaviy vakil Lola Saodatova, Qarshi davlat texnika universiteti rektori Sherzod Ne’matov, viloyat IIB mas’ul xodimi Mirabbos Xalilov ishtirok etib, talabalarga konstitutsiyaning yaratilish tarixi, unga kiritilgan yangi moddalar va yangilanishlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.


Tadbirda asosiy qonunchiligimiz tarixi, qadim zamonlardan boshlab qonunlarga hurmat muhitining shakllanishi haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan “Avesto”, Xammurapi qonunlari, “Yasoq”, “Temur tuzuklari”, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” misolida huquqiy tarbiya va adolat tamoyillarining rivojlanishi yoritildi. Shu bilan birga, amaldagi konstitutsiyamizning muhim jihatlari, inson qadrini oliy qadriyat sifatida belgilab bergan normalar mazmuni talabalarga tushuntirildi.


Ma’ruzachilar ta’kidlashicha, konstitutsiya xalqimizning irodasi va tafakkurini, kelajakka bo‘lgan ishonchini ifodalovchi tarixiy hujjat bo‘lib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida davlat va jamiyat taraqqiyotining asosiy huquqiy poydevorini tashkil etadi. Bosh qomusimiz asrlar davomida xalqimiz manfaatiga xizmat qiladigan, adolat va taraqqiyot yo‘lida ishonchli dasturilamal bo‘lib kelayotgani, unda belgilangan tamoyillarga sodiq qolish esa har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanligi alohida qayd etildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri