Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ombudsman maktabi”da aholi tibbiy ko‘rik, mehnat yarmarkasi va huquqiy ko‘rgazmadan bahramand bo‘lmoqda
13:37 / 2022-11-08

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) aholining huquqiy xabardorligini oshirishga e’tibor qaratmoqda. Chunki murojaatlar tahlili aholining bunga ehtiyoji borligini ko‘rsatgan.

“Ombudsman maktabi” loyihasi shu maqsadda amalga oshirilmoqda. Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazilib, ularda minglab fuqarolar qamrab olindi.  

Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Ombudsman maktabi”da sayyor qabul, band bo‘lmagan fuqarolar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi, aholi uchun tor doiradagi mutaxassislar ishtirokida tibbiy ko‘rik, fuqarolarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar va imkoniyatlar bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan ko‘rgazma tashkil etildi. Unda “Mirzacho‘l”, “Tinchlik” va “Do‘ngariq” mahalla fuqarolar yig‘inlaridan 200 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etdi.  

Mehnat yarmarkasida Sirdaryo viloyati bandlik bosh boshqarmasi vakillari tomonidan yuzga yaqin vakant ish o‘rinlari taklif etildi. Shuningdek, fuqarolarga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.  

Yuz nafarga yaqin fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Sirdaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda foydalaniladigan zaruriy tibbiy asbob-uskunalar va boshqa anjomlar bilan jihozlangan mikroavtobuslarda kardiolog, lor, okulist, jarroh, va boshqa yo‘nalishdagi mutaxassislar fuqarolar sog‘lig‘ini tiklashga doir zaruriy tavsiyalar berdi. Shuningdek, aholiga 66 turdagi dori-darmonlar bepul tarqatildi.  

Tadbirda fuqarolarga yangi qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan aholining xabardorligini oshirishga qaratilgan tarqatma materiallar adliya boshqarmasi tomonidan tuhfa etildi.  

“Ombudsman maktabi” doirasidagi asosiy targ‘ibot tadbiri “Aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rni” mavzusiga bag‘ishlandi. Fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Ombudsman, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, viloyatdagi adliya, sog‘liqni saqlash, bandlik, mahalla, bank tuzilmalari mas’ullari ishtirok etdi.  

Ombudsman Feruza Eshmatova davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy himoyani fuqarolar shunday tadbirlar orqali to‘liq his qilishiga e’tibor qaratdi.  

N.Abduraimova,  

O‘zA