Buxoro viloyati Jondor tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Po‘loti”, “Oxshix” va “Zarafshon” mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ishtirokida tadbir o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Buxoro viloyati mintaqaviy vakili tomonidan tashkil etilgan tadbirda tinchlik va barqarorlik bor joyda taraqqiyot va yuksalish bo‘lishi ta’kidlanib, bu borada mahallalarning o‘rni va ahamiyati nechog‘li yuqoriligi qayd etildi. Inson huquq va erkinlarini himoya qilish yo‘nalishida davlat organlari va tashkilotlari mahallalar bilan hamkorlikda ishlashi, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova mintaqaviy vakil faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi masalalarida bir qator takliflarni ilgari surdi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.

Tadbirda so‘z olgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni muntazam o‘tkazib turilishi muhim ekanligini ta’kidlashdi. Shuningdek, ular kelgusida bunday tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Zarif Komilov, O‘zA