Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ombudsman maktabi” aholining huquqiy bilimlarini boyitmoqda
18:52 / 2025-08-27

Buloqboshi tumanidagi 55- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash va rag‘batlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida aholi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulnoraxon Abduvohidova, Oybek Yuldashev qatnashgan tadbirda tumandagi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tuman Kengashi deputatlari, xotin-qizlar faollari, mutasaddi tashkilotlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi. 

Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalar qatori jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish, xususan, inson omiliga e’tibor, aholi bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi qayd etildi. Ushbu masalalar davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylanganligi, “Inson– jamiyat– davlat” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. 

Dastlab Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova so‘z olib, Ombudsman va uning viloyatlardagi vakillari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarning muammolarini o‘rganish va hal etish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, “Ombudsman maktabi” loyihasining samaralari xususida gapirdi. 

[gallery-24994]

–Joriy yilning o‘tgan davrida Andijon viloyatidan ombudsman va uning viloyatdagi vakiliga mingga yaqin murojaatlar kelib tushdi, – deydi Feruza Eshmatova. – Murojaatlarning asosiy qismi – 60 foizini ijtimoiy-huquqiy erkinliklar hamda iqtisodiy masalalarga oid murojaatlar tashkil etdi. Har bir murojaat belgilangan tartiblar asosida o‘rganilib, hal etish choralari ko‘rildi, aksariyati hal etildi, ma’lum qismiga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi. 

Muloqotda Andijon viloyat IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tezkor vakili, kapitan Sarvarbek Usmonovning “Kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlik: shaxsga doir ma’lumotlarni, bank plastik kartalaridan pullarni o‘zlashtirish, hisob raqamlarga kiberxujum uyushtirishga oid huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish”, Migratsiya agentligi Andijon hududiy filiali boshlig‘i o‘rinbosari Shavkatbek Abdulazizxo‘jayevning “Xorijiy davlatlarda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish va fuqarolarni xorijga tashkillashtirilgan holda yuborish”, Buloqboshi tumani adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Husniddin Mo‘minovning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 4 avgustdagi “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi. 

Ma’ruzachilar ma’ruzalar yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. 

Buloqboshi tumanidagi “Qaqir” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komiljon Do‘smatovning ishsizlik nafaqasi tayinlash tartiblari to‘g‘risidagi savoliga mutaxassislar batafsil javob qaytardi. Shuningdek, Guliston mahallasi xotin-qizlar faoli Erkinoy Hojimuhammedovaning xotin-qizlar faollari faoliyati samaradorligini oshirish hamda mahalla raislari ish haqini oshirish borasidagi takliflari ombudsman va Oliy Majlis deputatlari tomonidan Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalarga yetkazilishi qayd etildi. 

Munozara, savol-javob asosida o‘tgan ushbu muloqot aholining ijtimoiy faolligini oshirish, ishtirokchilarning huquqiy bilimlarini yanada boyitishga, jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik bilan yashash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari