Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning jazoni ijro etish muassasalariga doimiy monitoring tashriflarini amalga oshirayotgani, qolaversa, har bir muassasada “Ombudsman qutilari” mavjudligi tuzilmaga murojaat qilish imkoniyatini kengaytirdi.
Mahkumlar tomonidan Ombudsmanga murojaat yo‘llash soni ham ko‘paydi. Ular turli masalalarda inson huquqlari himoyachilaridan ko‘mak olmoqda.
Ombudsman tomonidan 27-sonli Manzil-koloniyaga monitoring tashrifi amalga oshirilganda mahkumlar mehnat huquqlarining buzilayotgani bo‘yicha shikoyat qilgan edi.
Shundan so‘ng mahkumlar shartnoma asosida mehnatga jalb etilgan uchta mas’uliyati cheklangan jamiyatining mehnat va yashash sharoitlari o‘rganildi. O‘rganishlar davomida ushbu korxonalardagi sharoitlar belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlandi. Shuningdek, yuz nafardan ortiq mahkumning oylik maoshlari to‘lab berilmagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat Ombudsman nazoratiga olinib, aniqlangan salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga taqdimnoma kiritildi.
Mazkur taqdimnoma ko‘rib chiqilishi natijasida mahkumlarga ikkita mas’uliyati cheklangan jamiyatdan jami 186 million so‘mdan ortiq ish haqlari undirib berildi.
Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyatning bittasida mahkumlarning yashash sharoitlarida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Qolganlari bilan tuzilgan shartnomalar 27-son Manzil-koloniya tomonidan bekor qilindi.
Ombudsman axborot xizmatiga ko‘ra, mahkumlarning ish haqlarini undirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. 27 - sonli Manzil-koloniya tomonidan 25 nafar mahkumning ish haqini undirish bo‘yicha sudga yana da’vo ariza kiritildi.
N.Abduraimova,
O‘zA