Ombudsman va uning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan amalga oshirilgan monitoring tashriflari hamda “Ombudsman quti”lari orqali mahkum va mahbuslar, ulaning yaqinlari, himoyachilari mazkur institutga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilmoqda.
Jizzax viloyatidagi 29-manzil-koloniyada og‘ir ahvoldagi mahkum M.B.ga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmagani haqida murojaat kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, koloniya xodimlari kuzatuvida mahkum ikki kun davomida yuqori harorat va isitma bilan bir nechta tibbiyot muassasalariga olib borilgan bo‘lsa-da, birida to‘lov yoki yo‘llanma talab qilingan, ikkinchisi esa “o‘pka shifokori yo‘q” degan sabab bilan qabul qilmagan. Mahkum “chap o‘pka absessi, ikki tomonlama pastki bo‘lak pnevmoniyasi” tashxisi bilan og‘ir ahvolda bo‘lgan.
Holat Ombudsman nazoratiga olinib, Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan mahkum zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga olib borilgan.
Bemor zarur tahlillardan o‘tkazilib, statsionar davolanishga yotqizilgan. Davo muolajalarini olib, koloniyaga qaytgandan so‘ng ham kerakli dori vositalar koloniya ma’muriyati tomonidan olib berilgan.
Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunining 30-moddasiga ko‘ra, fuqarolar sog‘liqni saqlash tizimining har qanday davolash-profilaktika muassasasida shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega.
Ichki ishlar vazirining 2019 yil 23 martdagi 67-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalarga binoan manzil-koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarga jazoni ijro etish muassasasi joylashgan hududdagi davlat sog‘liqni saqlash tizimining barcha davolash-profilaktika muassasalari tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilishi, mahkumlarga malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish hududiy davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalarida amalga oshirilishi, tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, statsionar sharoitda davolanishga muhtoj bemorlar hududiy davlat sog‘liqni saqlash tizimining davolash-profilaktika muassasalariga o‘rnatilgan tartibda olib chiqilishi qayd etilgan.
Jizzax shahar ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasida saqlanayotgan Yu.Yu.ning himoyachisi uning sog‘lig‘i og‘ir ahvolda ekanligi, jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonaga etap qilinishida yordam so‘ragan. Ombudsman talabnomasidan keyin mahbus Yu.Yu.ning sog‘ligini nazorat qilish uchun tibbiyot xodimi bilan maxsus tibbiy avtomobilda etap qilingan.
Namangan viloyatidagi 6-tergov hibsxonasida saqlanayotgan, 5 oylik homilasi bor ayol Z.M. Ombudsman mintaqaviy vakiliga tibbiy yordamga muhtojligi bo‘yicha murojaat qildi. Murojaat bo‘yicha ginekolog shifokor chaqirtilib, ayolning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlangan.
Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 40-manzil-koloniyada foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlar bilan sayyor qabul o‘tkazilganda, ikki nafar mahkum sog‘lig‘idan shikoyat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.
N.Abduraimova, O‘zA