Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman ko‘magida kasb kasalligiga uchragan fuqaroga sug‘urta puli to‘lanadigan bo‘ldi
10:29 / 2022-10-11

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasi bo‘la turib, sug‘urta tovon puli to‘lab berilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.

Arizada ko‘rsatilishicha, u tog‘-kon metallurgiya sohasida 6 yil 10 oy davomida ishlagan. Sog‘lig‘ining yomonlashgani, yo‘tal, ko‘krak qafasi, bo‘yin va beldagi kuchli og‘riqlar hamda kuchli zaiflik sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgan. Unga institut tomonidan 2022 yil 6 yanvar kuni silikoz - bronx-o‘pka apparatining kasbiy kasalligi tashxisi qo‘yilgan. 
 
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o‘rganib chiqildi. 2021 yilning 23 iyun kuni murojaatchi faoliyat yuritgan korxona va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” shartnomasi tuzilgani aniqlandi. 

Murojaatchi kasb kasalligini orttirgani aniq bo‘lsa ham uning murojaati sug‘urta kompaniyasi xodimlari tomonidan e’tiborsiz qoldirilgan. 

Ombudsman tomonidan sug‘urta kompaniyasiga fuqaro B.I. sug‘urta shartnomasining yuridik kuchga ega bo‘lgan davrida kasb kasalligini orttirib olgani bo‘yicha yetarli asoslar borligi va shu nuqtai nazardan shartnoma majburiyatlarining bajarilishi bo‘yicha taqdimnoma kiritildi. 

Natijada fuqaro B.I. kasb kasalligini orttirib olgani sug‘urta hodisasi deb hisoblanib, unga jami 191 million so‘mdan ortiq sug‘urta tovon puli to‘lanishi belgilandi.  
 
Hozirda murojaatchiga 118 million so‘m to‘lab berildi. Sug‘urta tovon pulining qolgan qismi oyma-oy to‘lanishi ma’lum qilingan.  

O‘zA