Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman: Ishdan noqonuniy bo‘shatilgan xodim o‘z vazifasiga tiklandi
11:41 / 2024-01-07

Javobgardan unga salkam 20 million so‘m undirilishi belgilandi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Farg‘ona viloyatidan fuqaro V.A. ishdan noqonuniy ravishda bo‘shatilganligi bo‘yicha murojaat qilib, mehnat huquqlarini tiklashda yordam so‘ragan.

Murojaatchi “Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yetakchi mutaxassis lavozimida ishlab kelgan. Fuqaro V.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2023 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga asosan bekor qilingan. Unga asos qilib jamiyat kasaba uyushmasi qo‘mitasining tegishli yig‘ilish bayoni ko‘rsatilgan.

Fuqaro V.A. o‘z murojaatida 1995 yildan buyon ushbu jamiyatda ishlagani va avval biror marta intizomiy javobgarlikka tortilmagani hamda boquvchisi yo‘q yolg‘iz ona ekanini qayd etgan.

Murojaat Ombudsmanning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili va O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyat kengashi bilan birgalikda o‘rganildi.

Ishga taalluqli hujjatlarni o‘rganish jarayonida xodim 2023 yilning iyul oyida navbatdagi mehnat ta’tiliga chiqqani, unga qachon ishga qaytishi kerakligi ma’lum qilinmagani, ta’til vaqtida sog‘lig‘i yomonlashgani tufayli ikki marotaba mehnatga layoqatsizlik varaqalari ochilgani, xodim ishga qaytganida ikki kun sababsiz ishda bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani aniqlandi.

Hujjatlar o‘rganilib, ish beruvchi tomonidan mehnat qonunchiligi buzilgani holatlari aniqlandi va sudga ishga tiklash haqida da’vo ariza kiritildi.

Ombudsman axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan ish beruvchining buyrug‘i g‘ayriqonuniy deb topildi va bekor qilindi. Murojaatchi V.A. o‘z lavozimiga tiklanib, majburiy progul kunlari va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun unga 19 million 680 ming so‘m undirib berilishi belgilandi.

Hozirda murojaatchi avvalgi lavozimida o‘z ish faoliyatini davom ettirmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA