Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman ish bilan bog‘liq jarayonda halok bo‘lgan xodim uchun kompensatsiya undirilishiga erishdi
12:55 / 2021-02-15

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga 2020 yil 17 dekabr kuni Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro O.T turmush o‘rtog‘ining ish bilan bog‘liq holatda vafot etgani uchun kompensatsiya undirilishini so‘rab murojaat qildi.

Murojaatni o‘rganish davomida aniqlanishicha, Xalq bankining sobiq kassiri, marhuma M.T 1989 yilda tug‘ilgan bo‘lib, 2 nafar voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan. Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda karantin munosabati bilan sayyor kassa xizmatini ko‘rsatish maqsadida Xalq banki Jizzax viloyati filialining 2020 yil 21 avgustdagi tegishli buyrug‘i bilan marhuma M.T hamda 20 dan ortiq xodim 22-23 avgust kunlari ishga jalb qilingan. 22 avgust, ya’ni shanba kuni sobiq bank xodimasi ishga ketayotgan vaqtida avtohalokat tufayli voqea joyida vafot etgan.

Bir necha oydan so‘ng marhumaning turmush o‘rtog‘i Jizzax viloyati Bandlik bosh boshqarmasiga rafiqasining ish vaqtida bevaqt vafot etganligi sababli ish beruvchi tomonidan to‘lanadigan (bir yo‘la beriladigan) nafaqa undirilishini so‘rab murojaat qilgan. Lekin “Xalq sug‘urta” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sug‘urta kompaniyasi bir necha marotaba xodimning ishga kelayotgan vaqti ish vaqti hisoblanmasligi vaji bilan sug‘urta qoplamasini to‘lab berishdan bosh tortgan.  

Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 11 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Xodimlarga ularning mehnat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq holda jarohatlanishi, kasb kasalliklarga chalinishi yoki salomatlikning boshqa xil shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash qoidalarida “Ish beruvchi ish beruvchining hududida va uning tashqarisida, shuningdek, ish beruvchi bergan transportda ishga kelish yoki ishdan ketish vaqtida xodimning sog‘lig‘iga mehnat jarohati bilan yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi”, deb belgilangan.

Shundan so‘ng, Ombudsman sodir bo‘lgan mazkur baxtsiz hodisaga mehnat qonunchiligi yuzasidan huquqiy baho berish va kompensatsiya undirilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga murojaat qildi.

Murojaat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa mehnat vazifasini bajarish bilan bog‘liq, deb topildi hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.  

Sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, marhumaning turmush o‘rtog‘i O.T foydasiga Xalq banki Jizzax filialidan qariyb 218 million so‘m bir yo‘la to‘lanishi lozim bo‘lgan nafaqa hamda 2 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun ular 16 yoshga to‘lgunlarigacha har oyda 756 ming so‘mdan zarar undirilishi belgilandi.  

Agarda bolalar kunduzgi o‘qishni davom ettirsa, har oylik summa, ular 18 yoshga kirgunlariga qadar undiriladi.  

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA