Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Ombudsman Feruza Eshmatova axborot berdi:
– Hisobot yilida Ombudsman nomiga 18 ming 622 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 15 ming 934 tasi fuqarolardan, 2 ming 662 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar Ombudsmanlaridan yo‘llangan. Vakil tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga 170 ta ta’sir choralari shaklidagi hujjat kiritilgan. O‘tgan yilda Ombudsman tomonidan sudlarga kiritilgan salkam 100 ta ariza va da’vo arizalarining 98 foizi qanoatlantirilgan.
Ombudsman tomonidan fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida undirilgan va undirilishi belgilangan mablag‘lar 2 mlrd. 150 mln. so‘mni tashkil etgan. Shundan 910,6 mln. so‘m. fuqarolarning, 187 mln. so‘m mahkumlarning ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 ta da’vo ariza kiritilgan, 10 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi band qilishiga ko‘maklashilgan. 2023 yilda Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 12 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalangan. 57 ta holatda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan. 5 nafar mas’ul xodim egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 29 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llangan va 17 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, – dedi Ombudsman.
Shu bilan birga, Ombudsman hamda Vakil boshchiligidagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan o‘tgan yilda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 603 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Tashriflar chog‘ida aniqlangan ijobiy o‘zgarishlar bilan bir qatorda salbiy holatlarning hanuzgacha saqlanib qolinayotgani aniqlangan. Ushbu holatlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning taqdimnomalari kiritilgan.
Vakil tomonidan turli ijtimoiy tarmoqlarda ayrim salbiy holatlar yuzasidan tarqalgan xabarlar ham nazoratga olinib, o‘rganilgani qayd etildi. Xususan, bu bo‘yicha Ombudsmanning mutasaddi vazirlik va idoralarga talabnomalari doimiy kiritib borilgan.
Majlisda Ombudsmanning huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham ma’lumotlar berildi.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar Ombudsman faoliyatiga oid bir qator savollarni o‘rtaga tashladi. Jumladan, tadbirkorlar huquqlari bilan bog‘liq murojaatlarni hal etishda Biznes ombudsman bilan qanday ishlar olib borilgani, ekologiya sohasida eng ko‘p qanday murojaatlar bo‘layotgani kabi savollar berildi.
Ombudsman qayd etganidek, Toshkent shahrida iqtisodiy masalalarga oid murojaatlar ko‘p, xususiy tadbirkorlar, ish beruvchilar bilan bog‘liq masalalardagi murojaatlar Biznes-ombudsman bilan hamkorlikda o‘rganilib, hal etilgan.
Ekologik huquqlarga oid murojaatlar 2022 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshib, 316 tani tashkil etgani qayd etildi. Ayniqsa, toza havo, atmosfera ifloslanishi, ayrim korxona va zavodlarning noqonuniy joylashgani, ulardan chiqayotgan gazlar, shovqin hamda filtrsiz ishlayotgani borasida murojaatlar ko‘paygan. Ekologiya sohasidagi murojaatlarni 2024 yil davomida qo‘mita va fraksiyaga kiritib, nazorat ishlari amalga oshirilishi qayd etildi.
Shuningdek, majlisda Bolalar ombudsmani ham so‘z olib, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni e’tirof etgan holda Inson huquqlari bo‘yicha vakil bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini, ayollar va bolalar huquqlari yonma-yon turishini ta’kidladi.
Majlisda Ombudsmanning mintaqaviy vakillari ham so‘z olib, hududlarda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berdi.Muhokamalar yakunida deputatlar tomonidan xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini ta’minlash, zarur hollarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kengaytirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Ombudsman faoliyatida samarali va yangi mexanizmlarni tatbiq etishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA