Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman huquqi buzilgan shaxslarga ko‘maklashishda davom etadi
11:23 / 2022-06-07

Sifatsiz avtomobil yangisiga almashtirildi. Sifatsiz qurilgan ko‘p qavatli uydagi kamchiliklar bartaraf etildi. Fuqarolarga yetkazilgan zarar qoplab berildi.

Huquqiy himoyaga ehtiyoj sezayotgan fuqarolar Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga va tashkilotning mintaqaviy filiallariga  murojaat qilmoqda.  

Murojaatlar esa o‘z vaqtida o‘rganilib, fuqarolar huquqlari tiklanishiga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakiliga Uychi tumanida yashovchi fuqaro R.I. iste’molchi sifatida huquqlari buzilgani bo‘yicha murojaat qilgan. 

Murojaat Namangan viloyati adliya boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘rganilganda, R.I. 2022 yil yanvar oyida  “O‘zavtomotors” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq  78 million 283 ming so‘mga “Damas” avtomashinasini sotib olgan. Lekin mashinada nuqson borligi aniqlangan. 

Fuqaro R.I.ning mazkur kamchilik bo‘yicha tegishli  tashkilotlarga qilgan murojaati e’tiborsiz qoldirilgan. 

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinishi natijasida nuqsoni bor “Damas” rusumli avtomashina yangisiga almashtirib berildi.  
Ombudsmanning Samarqanddagi mintaqaviy vakili aralashuvi bilan esa qurilish kompaniyasi tomonidan fuqarolarga yetkazilgan zarar qoplab berildi.  

Ombudsmanga Nurobod tumani "Navro‘z" mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi uch nafar fuqaro murojaat qilgan.  
Unda ko‘p qavatli uy 2021 yil dekabr oyida qurilib foydalanishga topshirilganiga qaramay, qisqa vaqt ichida xonadonlarning devor, hammom va oshxona qismlari yaroqsiz holatga kelib qolgani bildirilgan. 

Murojaat joyiga chiqib o‘rganilganda, haqiqatdan fuqarolarning e’tirozlari o‘rinli ekani ayon bo‘ldi. Murojaat bo‘yicha buyurtmachi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga tegishli tartibda xat yuborilib, unda bajarilgan sifatsiz ishlarni darhol tartibga keltirish, aks holda, Ombudsman tomonidan fuqarolar manfaatini ko‘zlab sudga moddiy va ma’naviy zarar undirish bo‘yicha da’vo arizasi kiritilishi ma’lum qilindi.  

Natijada “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi xodimlari murojaatni joyiga chiqib o‘rganib, ob’ektdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf qildi va fuqarolarga yetkazilgan zararlarni ham qoplab berdi.

N.Abduraimova, O‘zA