Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ombudsman fuqarolarga qanday yordam ko‘rsatmoqda?
12:39 / 2022-08-15

Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ga yordam so‘rab murojaat qiluvchi fuqarolar ko‘paydi.

Bu mazkur tuzilmaning xalq ichiga kirib borayotgani, joylarda ochiq muloqot va sayyor qabullar ko‘proq o‘tkazayotgani natijasidir.

Ombudsmanga ish stajlari hisobga olinmagan bir guruh fuqarolar murojaat qildi.

Fuqarolar S.Z, T.Q, Sh.A. va R.M. Ombudsmanga shikoyat bilan murojaat qilib, Jizzax shahar pensiya bo‘limi va nafaqalarni tayinlash komissiyasi qarorlarini bekor qilish, ular tomonidan ish stajlarini qayta hisoblab chiqilishida yordam so‘ragan.

Mazkur murojaatlar qonunchilikda belgilangan tartibda har tomonlama o‘rganildi. Aniqlanishicha, murojaat qilgan fuqarolar mehnat faoliyatlari davomida ma’lum bir ishlash davridagi ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar arxivda saqlab qolinmaganligi sababli, pensiya tayinlanishida ish stajiga qo‘shib hisoblanishi rad etilgan.

Ombudsman tomonidan fuqaro fuqarolarning shikoyatlari asosida ma’muriy ishlar bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudiga da’vo arizalari kiritildi.

Ma’muriy ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2022 yil 23 iyundagi hal qiluv qarorlari bilan arizalar qanoatlantirilib, S.Z., T.Q., Sh.A. va R.M.larning pensiyasi hisoblab chiqilishida ma’lum davrdagi ish stajlari qo‘shib chiqilishi majburiyati Jizzax shahar pensiya bo‘linmasiga yuklatildi.

Sud tomonidan fuqarolar huquqining tiklanishi natijasida ularning pensiyalari miqdori oshishi kafolatlandi.

Eslatib o‘tish joizki, sudga arizalar Ombudsman tomonidan kiritilganligi uchun fuqarolar davlat boji to‘lashdan ozod etilgan.

Ombudsmanning joylarda mintaqaviy vakillari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yurtdoshlarimizga katta qulaylik yaratdi. Chunki ilgari viloyatlarda Ombudsmanning tuzilmalari yo‘q edi.

Mintaqaviy vakillar qanday ishlayotganini quyidagi misol orqali ham bilib olish mumkin.

Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakiliga javobgarlikka tortilmay kelinayotgan shaxs bo‘yicha murojaat kelib tushgan.

Viloyatning Qo‘shko‘shpir tumanida yashovchi fuqaro I.S. o‘g‘li E.O. nohaq ayblangani, hatto sudda ham unga jazo tayinlangani, o‘g‘lining buzilgan huquqini tiklashda yordam so‘ragan.

2019 yil 29 sentyabr kuni Urganch-Xiva yo‘lida E.O o‘ziga tegishli bo‘lgan «Matiz» rusumli avtomashinani boshqarib kelayotganida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina boshqaruvni yo‘qotib, uning harakat bo‘lagiga o‘tib, ya’ni oldiga chiqib to‘qnashuv sodir qilgan. «Kobalt» haydovchisi X.X. yo‘l-transport hodisasiga sababchi bo‘lgan bo‘lsada E.O. aybdor deb topilgan.

Fuqaroning sud hukmidan norozi bo‘lib yozgan shikoyatiga asosan mazkur ish qayta ko‘rib chiqildi. Murojaatchining o‘g‘li E.O. Xorazm viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining hukmi bilan oqlandi.

Jinoyat ishi esa sodir qilingan yo‘l-transport hodisasida aybdor shaxsni javobgarlikka tortish uchun viloyat prokuroriga yuborilgan.

Xorazm viloyati prokurorining o‘rinbosarining mintaqaviy vakilga bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Urganch tumani ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tergovchisining qarori bekor qilinib, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.

N.Abdurimova, O‘zA