O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, “O‘zdonmahsulot” AK hamda “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ tomonidan joriy yil iyun oyida jami 170 ming tonna unni birja savdolariga qo‘yish grafigi tasdiqlandi.
Mazkur grafikka ko‘ra, 44 ta “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi respublikamiz hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan donni qayta ishlash korxonalari tomonidan joriy yil 1 iyunidan boshlab unni birja savdolariga kunlik 10 ming tonna hajmda qo‘yib kelinmoqda.
2022 yilning 1 iyunidan boshlab, un mahsuloti realizatsiya qilinishining bozor tamoyillariga asoslangan mexanizmi joriy qilinib, bu jarayonda shaffof tizim yaratildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan birja savdolarida xaridorlarga keng imkoniyatlar yaratish, narxlarning keskin oshishi, birja savdolarida sun’iy tanqislik keltirib chiqarish, narxlar manipulyatsiyasi va boshqa salbiy holatlarni oldini olish maqsadida bug‘doy unining birja savdolarida sotilishida joriy yil 1 iyundan boshlab qo‘yidagi vaqtinchalik tartib o‘rnatildi.
Faqat spot shartnomalari asosida 1 tonnadan oshmagan lotlarda barchasi ertalabki (birinchi) savdo sessiyasiga qo‘yilishi ta’minlandi. Birja shartnomalari bo‘yicha avans (zakalat) miqdori 10 foiz etib belgilandi. Bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan mahsulot hajmlarining maksimal miqdori “Toshkent-non” uyushmasidagi non ishlab chiqaruvilar uchun 20 tonna, boshqa ishlab chiqaruvilar uchun 3 tonna miqdorida (limit) belgilandi.
1-3 iyun kunlari birja savdolariga (kunlik 10 ming tn.) non va boshqa un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni uzluksiz un mahsuloti bilan ta’minlash maqsadida birja tomonidan 4 iyun kuni ham birja savdolari tashkil etilib kunlik 7 ming 585 tonna un qo‘yilib, shundan 6 ming 878 tonna yoki 91 foiz sotildi. O‘rtacha boshlang‘ich narx 4 ming 241 so‘m, xarid narxi 4 kun davomida o‘rtacha 4 ming 523 so‘mni tashkil etgan.
Yana bir ma’lumot. 1-4 iyun kunlari davomida birja savdolarida sotilgan 34 ming 312 tonna un mahsulotining 51 foizi yoki 17 ming 609 tonnasi xaridorlar tomonidan olib ketilgan bo‘lib, qolgan 16 ming 703 tonnasi hali olinmagan. Bundan darak shuki, non va boshqa un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarning omborlarida ishlab chiqarish uchun kerak bo‘lgan un mahsulotlari yetarli darajada va unning tanqisligi bo‘yicha muammo mavjud emas.
Birja savdolarida shakllangan narxlardan kelib chiqib, qolipli non tannarxi o‘rtacha hisoblanganda bitta 600 grammlik buxanka ishlab chiqarish va uni do‘konlarga yetkazib berishning tannarxi o‘rtacha 2 ming 600 so‘mga tushmoqda.
– Bu narxning ichida un 1 ming 641 so‘m (63 foiz), 4 so‘mlik tuz, 18 so‘mlik o‘simlik yog‘i, 38 so‘mlik achitqi, 37 so‘m un tashish xarajatlariga to‘g‘ri keladi, – deydi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Nazrulla Ortiqov. – Qolgani nonni pishirish uchun gaz, elektr sarfi, ishchilarga to‘lanadigan ish haqi, nonni savdo do‘koniga yetkazib berish xarajatlari, soliqlar va korxona foyda normasi. Bu o‘rtacha shartli hisob-kitoblar. Non kombinatlarida texnologiya va energiya tejamkorligi kabi omillar hisobiga tannarx balandroq yoki pastroq bo‘lishi mumkin.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan hududlarda sotilayotgan un va qolipli nonning o‘rtacha narxlari monitoring qilib borilmoqda. Misol uchun, Buxoro viloyatida mahalliy bug‘doydan ishlab chiqarilgan uning o‘rtacha narxi 5200 so‘mdan 6000 so‘mgacha, qolipli nonning narxi esa 2500 so‘mdan 2800 so‘mgacha, Surxondaryo viloyatida un narxi 4800-5500 so‘mgacha, non narxi 2200-2800 so‘mni, poytaxtimiz Toshkent shahrida esa un 4400-5600 so‘mni, non narxi 2800 so‘mni tashkil etmoqda.
Avvalgi yillarda yetishtirilgan bug‘doy uchun fermerlarga davlat to‘lagan narxlar ko‘p holatlarda ularning hatto xarajatlarini ham qoplamagan. Davlatga don topshirish rejasini bajarganiga qaramay, ortiqcha yetishtirilgan bug‘doy davlat tomonidan belgilangan narxlarda don ishlab chiqaruvchi korxonalarga topshirilgan.
Hosil uchun bozor narxida to‘lov qilinishi yuqorida ta’kidlab o‘tilgan holatlarga chek qo‘yishi, dehqon ortiqcha yetishtirgan g‘allasini ixtiyoriy ravishda birjaga chiqarishdan manfaatdor bo‘lishi aytib o‘tilgan.
Qayd etish joiz, har kim o‘z ehtiyojiga yarasha mahsulot xarid qilsa, talabdagi keskinlik pasayadi va hammasi o‘z iziga tushadi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ortiqcha g‘amlab qo‘yib, kelgusida ularning qimmatroq narxda sotilishi asosan respublikamizning ijtimoiy muhtoj qatlamlariga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA