Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Omad sizga bo‘lajak askarlar!
15:52 / 2023-03-10

Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasida mamlakatimiz harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun chaqiriluvchilarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yerga poytaxtimizning barcha tumanlaridagi yigitlar to‘plandi. Ular hayotlarida birinchi marotaba harbiy kiyim kiyishdi, ularning armiya xizmati, burch va sharaf haqidagi tasavvurlari o‘zgacha. Chaqiriluvchilarning hammasi ham kelajakda o‘z taqdirini Milliy armiya bilan bog‘lamaydi, biroq ularning har biri o‘z yurti va vatandoshlarini himoya qilishdek sharafli ishga o‘z hissasini qo‘shishga shay turibti. 

[gallery-10902]

Prezidentimizning joriy yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezervidan bo‘shatish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, mudofaa ishlari bo‘yicha tuman va shahar boshqarmalarining chaqiruv va yig‘in punktlarida fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezervidan bo‘shatish bo‘yicha tadbirlar boshlandi. Joriy yilning mart-aprel oylarida chaqiruv yoshidagi fuqarolarni Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Qorovul qo‘shinlari, IIV ning xalqaro aeroportlar qo‘riqlash qo‘shinlari, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya qo‘shinlariga muddatli harbiy xizmatga jo‘natish tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 

– Oilamizdagi hamma erkaklar armiyada xizmat qilishgan, mana endi mening ham navbatim keldi, – deydi Toshkent shahar Bektemir tumanidan chaqirilgan bo‘lajak askar Biloliddin Ubaydullayev. – Hayot yo‘llarimizdagi qiyinchiliklar bizni ruhan chiniqtiradi. Men ikki yil oldin muddatli harbiy xizmatni o‘tashga qaror qilgan edim. Bu vaqt davomida o‘zimni ma’nan va jismonan tayyorladim. Armiya xizmatidan so‘ng Tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirib, kelajakda fan bilan shug‘ullanmoqchiman. Inson Vataniga va xalqiga har qanday yo‘l bilan xizmat qilishi mumkin. Mening niyatim – insonlar hayotini saqlab qolish. Ko‘pchilik chaqiriluvchilar armiyani nafaqat Vatan oldidagi burchlarini ado etish, balki shuningdek, bo‘lajak kasbga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati, deb tushunishadi. 

– Men hali yoshman, biroq hayotimni nimaga bag‘ishlashimni aniq bilaman, – deydi poytaxtimizning Yangi hayot tumanidan chaqirilgan Muhammad Abdukarimov. – Men bir yil davomida Buxoro shahridagi harbiy qismlardan birida harbiy xizmatni o‘tayman. Bu vaqt ichida o‘z qobiliyatlarimni ko‘rsatishim kerak, chunki men harbiy bo‘lmoqchiman. Harbiy qismdan beriladigan tavsiyanoma yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlardan biriga kirishimni osonlashtiradi. Shunday qilib armiya xizmati kelajakdagi mehnat pillapoyamda ilk qadam bo‘ladi.

Har bir yigit o‘z orzulari va rejalari bilan harbiy xizmatga yo‘l oladi. Ularga faqat omad tilab qolamiz.

Roman BONDARCHUK, 
O‘zA