Zamonamiz qahramonlari
“G‘oyibdan kelajak, baxt bir afsona”. Har gal g‘ayratli va shijoatli odamlarni ko‘rganda buyuk shoirning shu misrasi yodimga tushadi.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi “Nasldor dala chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Abdurashid Ishnazarov bilan suhbatlashganda ham shoirning mazkur misralarini esladim. Bu inson tom ma’noda mehnatkash, dilkash, samimiy tadbirkor ekan. Bir tomonda ferma binosi, yana bir tomonda bo‘yi naqd ikki yarim metrga qadar o‘sib ketgan makkajo‘xori paykali. Bir uyum qilib qo‘yilgan lavlagi, zamonaviy texnika vositalari, ishchilar dam olish binosi, baland qilib qurilgan shiypon va yana fermaga kirib keladigan bir kilometrlik yo‘lning tutzor orasidan o‘tishi. Bularning barchasi fermer o‘ziga xos xarakterli inson ekanligidan darak beradi.
– Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan Amerikada ham makka va soya chorvaning asosiy ozuqasi hisoblanadi. Texnologiya qanchalik rivoj topmasin inson mehnat qilmas ekan, hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Bu yerda ham dunyoning u chetida ham mashaqqat chekkan, ilmga tayangan odamlar yaxshi daromad olyapti, yaxshi yashayapti. Fermer bo‘lgach xususiy mulk bir qadar tavakkal, yana bir qadar halovatsiz, ammo zavqli yashash ekanligini sezdim, – deydi Abdurashid aka. – Ustozu hamkorlar masalasida meni hayotning o‘zi siylagan. 7 yil davomida resublikada ko‘pchilik yaxshi taniydigan tanti inson Boymirov bilan birga ishladim. U kishidan ko‘p narsani o‘rgandim. Oxirati obod bo‘lsin Boymirov juda mehnatkash, mashaqqatdan aslo cho‘chimaydigan omadli inson edi. Boymirovning uylarida ko‘p bo‘lganman, oilaviy yaqinligimiz bor edi. Ustozning farzandlari hamon yuragimga yaqin kishilar. Ayniqsa oila bekasidagi mehmondo‘stlik meni hayratga solgan. Bilasizmi, yigit kishining baxti boyib ketgani yo lavozimi ko‘tarilganida emas, oilada, xonadonda tinchlik, xotirjamlik, samimiyat bo‘lsa baxtning o‘zi shu. Har qancha tilla topmang, ko‘ngil huzur topmasa tatimaydi. Yillar davomida topgan aqidam, xulosam shu.
Abdurashid Ishnazarovni bugun nafaqat Zomin tumanida, balki viloyatda ham ko‘pchilik yaxshi taniydi. U traktorning tovushidan nuqsonini ayta oladigan zukko muhandis sifatida uzoq yillar kattayu kichik xo‘jaliklarda bosh muhandis bo‘lgan, so‘ng dongdor kolxozning nomdor raisiga aylangan. Shu zayl u qishloq xo‘jaligi sohasidagi barcha tashvishlarda elga yelkadosh, oddiy odamlarga ko‘makchi bo‘ldi.
Chorvodor bo‘lishiga esa molbozordagi holat turtki bergan.
– 1995 yil o‘g‘limga sunnat to‘y qilmoqchi bo‘lib mol bozorga tushdim. Maqsad semizgina qo‘chqor olish. Bilasiz bizning Zominda molbozor erta boshlanadi, sal kechiksangiz yaxshi mol qolmaydi, olib sotarning ixtiyoriga o‘tib ketadi. U yoqqa, bu yoqqa o‘tib, qo‘y bozorni oralab ko‘ngilga mos keladigan qo‘chqor topishni ko‘zladim. Afsuski uchramadi. Shunday bo‘lsada bittasiga xaridor bo‘ldik. Narxi tosh-toroziga to‘g‘ri kelmasada oldik. Shunda o‘zim chorva qilsam bo‘lmaydimi, o‘zim qo‘chqor boqsam, bugun olgan qo‘chqorim yarim puliga tushardi, yer bo‘lsa bor, imkon bor, o‘g‘illarni ham chorva boqishga o‘rgatishim kerakku, deb o‘yladim. Shunday bo‘ldi ham. Bugun 300 boshdan ortiq qo‘y, 110 bosh qoramollarimiz bor. Bu borada ko‘pchilikdan ustunmiz, deydi fermer. – Barcha qoramollarimiz naslli, xorijnikidan kam emas. Shu bois kuniga yarim tonnadan ortiq sut tayyorlab Zomin sanatoriyasiga, litrini besh yarim ming so‘mdan sotyapmiz. Tag‘in davlat sotilgan sut uchun subsidiya ham beryapti. Xudoga shukr.
Adbirashid aka “Nasldor dala chorvasi” fermer xo‘jaligi ixtiyorida 40 gektardan ortiq yer borligini, 30 gektarida makka, qolganida beda borligini aytdi. Beda pichani va makka silosi sigirlar sutini ko‘paytiradi, eng sovuq kunlarda ham jonivorga quvvat beradi. Shu bois xo‘jalik ahli bu ekinlardan yuqori hosil ko‘tarish, qishlovga ham puxta tayyorgarlik ko‘rish niyatida mehnat qilishmoqda. 7 kishi doimiy ish bilan band, ba’zan ehtiyojga qarab ularning soni ko‘payib ketadi. Ferma oshxonasida esa ishchilar uchun doimo issiq ovqat bor, pazandalik borasida ham fermer xo‘jaligi oshpazining oldiga tushadigan kishi yo‘q.
– Uch nafar o‘g‘limning hammasi viloyatdagi banklarda ishlaydi, biri boshliq, yana biri mas’ul lavozimda. Aftidan ular hayotda hisob-kitobni puxta olib borish juda muhim ekanligini barvaqt anglashgan. Axir rais bo‘lib ishlaganman, xo‘jalik iqtisodini ko‘tarish borasidagi suhbatlar uyda ham davom etganda. Xudoga shukr o‘g‘illar o‘zini eplayapti, bizga ehtiyoji yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda ularning mehnatkashligidan xursandman. Ishga erta ketadi, kech qaytadi, manfaatdorlik shunga yarasha. Xuddi fermerga o‘xshashadi, – deydi Abdurashid aka jilmayib. – Yaqinda Turkiya davlatida, sayyoh sifatida bir hafta bo‘ldim. Zo‘r, tomosha qilsa bo‘ladigan joylar ko‘p. Bir-biridan chiroyli restoranlar, kafelar. Xizmat ko‘rsatish sifati juda yuqori, ammo tezda zerikib qoldim. Zominni, tog‘dan sharqirab oqayotgan soy bo‘yini, shu soy yonidagi choyxonani sog‘indim. Axir shu yerga do‘stlar, qarindoshlar bilan tez-tez kelib turamiz, ob-havosi toza, bunday manzara dunyoning biror joyida yo‘q. Qo‘y va qoramol go‘shtidan tayyorlangan turfa xil kaboblarning hidi, oo, buni sog‘inmay bo‘ladimi? Ochig‘i biz hali yurtimizning ohangrabo tomonlarini, oshxonasiyu tabiat manzaralarini ko‘p targ‘ib etishimiz lozim. Agar siz ham o‘rtoqlar bilan tabiat qo‘ynida dam olishni istasangiz hech ikkilanmay Zominga, soybo‘yiga kelavering. Go‘sht va turli ne’matlarning sifatiga men kafil. Chunki bu ne’matlarni men va men kabi zominlik mirishkorlar, usta dehqonu chorvadorlar yetishtirmoqda.
Abdunabi Aliqulov