Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinsoyliklar Tog‘ay Murodni yod etdi
10:48 / 2026-02-04

Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanidagi Tog‘ay Murod nomli mahalla markazida  O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod tavalludining 78 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimligi mutasaddilari, yozuvchi va shoirlar, adibning qishloqdoshlari, yosh ijodkorlar ishtirok etgan tadbirda Abdulla Qodiriy nomidagi davlat mukofoti sovrindori, o‘zbek polvonlari va o‘zbek dehqonlarini, ularning mardligiyu, matonatli mehnatini o‘z asarlarida yuksak mahorat bilan gavdalantirgan yozuvchi Tog‘ay Murod xotirlanib, jahon adabiyotidan munosib o‘rin olgan “Ot kishnagan oqshom”, “Yulduzlar mangu yonadi”, “Momo yer qo‘shig‘i”  kabi asarlari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Yozuvchi asarlarining tarbiyaviy ahamiyati, badiiy qiymati, o‘ziga xos tili va uslubi, xalqchilligi, vohamiz  urf-odat va qadriyatlarining jonli, jozibali tasviri xususida fikr almashildi. 

– Atoqli yozuvchi Said Ahmad Tog‘ay Murod asarlarini qo‘shiqqa o‘xshatganini o‘qigan edim, – deydi tuman “Xalq va hayot” gazetasi bosh muharriri Normurod Temirov. – Ustoz adib Tog‘ay Murod asarlarini yurakning tub-tubidan otilib chiqqan, xalqimizning dardini kuylaguvchi qo‘shiqlardir, deb atagandi. Bu ta’rifda katta ma’no bor. Zotan, san’atkorlar kuylaydigan ashulalarni tushunamiz. Ammo o‘qiladigan qo‘shiq, o‘qiganda ham huzurlanib, ko‘ngildan iztirob tuyib mutolaa qilinadigan qo‘shiqning ta’siri, taassuroti, “ta’mi” o‘zgacha bo‘lishini biz Tog‘ay Murod asarlari orqali anglab yetdik.  Tahririyatimiz xodimlari bundan 38 yil muqaddam tumanimizga ijodiy safarga kelgan Tog‘ay Murod o‘zbek dehqonining mashaqqatli mehnati tasvirlangan “Otamdan qolgan dalalar” romanini yaratish jarayonida o‘zimizning Oltinsoy dalalarini, paxtazorlari va qishloqlarini kezib ma’lumotlar to‘plaganiga guvoh bo‘lganmiz. Yozuvchining ziyraklik bilan dala mehnatkashlari harakatlarini erinmay kuzatganidan hayratlanganmiz.

 

Tadbirda tumandagi 43-maktab o‘quvchilari tayyorlagan sahna ko‘rinishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, qo‘shiq va she’rlar barchada boy taassurot uyg‘otdi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri