Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani Qorliq mahallasidagi Navro‘zsoy kengliklarida sharqona Yangi yil – Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu yilgi xalq sayli “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” g‘oyasi asosida keng nishonlandi.

Xalq saylida ajdodlarimiz olis o‘tmishdan milliy qadriyat va an’analarini faxr bilan tarannum etib kelgan nafis ayyomda bahor va borliqning yasharishi, ajdodlarimiz asrlar davomida e’zozlab kelgan milliy qadriyat va urf-odatlari ulug‘landi. Oltinsoyliklarning bunyodkorlik va ezgulikka, osuda-obod hayot hamda yangilik yaratishga intilishlari o‘z ifodasini topdi.

Erta tongdan karnay-surnay sadolari ostida boshlangan saylda keksa avlod vakillari ajdodlardan meros qolgan urf-odat va an’analarni namoyish etib, milliy qadriyatlarimizni sharafladi. Milliy taomlar ko‘rgazmalari, xalq o‘yinlari va folklor san’atimiz namunalari, varrak uchirish, kurash kabi bellashuvlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Attraksion o‘yinlari jajji bolajonlarga zavqu shavq ulashdi.

– Bu yilgi Navro‘z muborak va fazilatli Ramazon oyida nishonlanayotgani bilan ham ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi tuman “Xalq yo‘li” gazetasi muharriri Normurod Temirov. – Qo‘shaloq ayyom kunlari kam ta’minlangan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga mehr-oqibat, saxovat ko‘rsatilib, keksalar va bemorlar holidan xabar olinmoqda. Mahalla va ko‘cha-kuyda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish yumushlari amalga oshirilayotir. Yerga urug‘ qadash, ko‘chat ekib, yangi bog‘-rog‘lar yaratish boshlab yuborildi. Bunday sharafli ishlarni targ‘ib qilib, gazeta sahifalarida keng yoritishdan faxr hissini tuymoqdamiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan bog‘dorchilik va mevachilikka ixtisoslashgan hudud innovatsion tuman sifatida yuksalishga yuz tutmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, sanoat, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish rivojlanayotir. Yangi innovatsion loyihalar amalga oshirilib, aholi bandligi ta’minlanmoqda. Odamlarning turmush darajasi o‘sayotir.

Xalq saylining tantanali ochilish marosimida shu haqda atroflicha so‘z yuritilib, o‘tgan yil erishilgan yutuqlar, Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili uchun belgilab olingan rejalar tahlil qilindi.

Bayram xushovoz san’atkorlar va folklor jamoalarining diltortar konsert dasturi bilan yakunlandi.
Voha tumanlarida Navro‘zi olamga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri