Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinsoyliklar ham yurt kelajagiga befarq emas
15:06 / 2023-03-24

Oltinsoy tumanidagi 15-Bolalar musiqa va san’at maktabi zalida yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – barchamizniki!” mavzuida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tashkilot, muassasa va korxonalar xodimlari, mahalliy kengash deputatlari, tadbirkorlar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda tuman hokimi Bahrom Maxmatrayemov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybarchin Abdullayeva, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Ashurali Oripov va boshqalar yangilanayotgan Bosh Qomusimizga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar to‘g‘risida atroflicha tushuntirish berdi. Asosiy Qonunimizda yuz berayotgan yangilanishlar jamiyatda inson qadrini yanada yuksaltirib, xalqimizning hayot darajasini oshirishga, hududlarni yangi bosqichda rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

– Oltinsoy innovatsion tumanga aylanguncha iqtisodiy rivojlanishdan ancha orqada qolgan edi, – deydi tuman hokimi B. Maxmatrayemov. – Hudud aholisi bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullansada, tarmoqni rivojlantirishga, xorij tajribalarini joriy etishga e’tibor berilmadi. Sanoat va xizmat ko‘rsatish orqada qoldi. Endilikda innovatsion tumanda yangi loyihalar asosida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, innovatsion bog‘lar yaratish keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, o‘tgan yili loyiha tashabbuskorlari va olimlar hamkorligida o‘nga yaqin mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Bioparchalanuvchan gidrogel, kaliforniya chuvalchangidan farmatsevtika uchun zardob, bazalt minerali asosida mexanik mustahkam kompaundlar, oltingugurt asosida avtomobil yo‘llari uchun yo‘l bo‘yoqlari kabi raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. 15 gektar maydonda suv tejamkor, tomchilatib sug‘oriladigan pekan yong‘og‘i plantatsiyasi barpo etildi. Joriy yilda esa tumanning yer osti boyliklarini o‘zlashtirish boshlanmoqda. Yangi innovatsion uzum, pista, bodom bog‘lari barpo etilyapti. Innovatsion va startap loyihalar ish boshlaydi. Xizmatlar ko‘rsatish, qurilish, transport kabi sohalar rivojlanib, hududning boy turistik salohiyatidan keng foydalaniladi. O‘n besh mingdan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rni yaratiladi. Ko‘p millatli xalqimiz xohish-irodasi bilan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kelgusida ham yurtimiz farovonligini ta’minlashga qaratilgan bunday ulkan ishlarni izchil amalga oshirishni kafolatlaydi. Yangi-yangi g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga undaydi.  

Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar yangilanayotgan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlashdagi o‘rni haqida fikr yuritib, barchani joriy yilning 30 aprel kuni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha o‘tkaziladigan referendumda faol qatnashishga chaqirdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA