English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinsoyda yoshlar uchun mehnat yarmarkasi
11:08 / 2024-02-07

Oltinsoy tumanida Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi va tuman hokimligi hamkorligida ishsiz yoshlar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 12 yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik Kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalari muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo‘nalishidagi tadbirlarni kengaytirish hamda yosh avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan edi.  

Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida janubdagi vohada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Kuch tuzilmalari turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etib, yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol toptirishga ko‘maklashayotir. Ularning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlab, kasbga o‘qitish va ishga joylashtirishga e’tibor qaratmoqda  

Viloyat bojxona boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan mehnat yarmarkasi tumanda vaqtincha ishsiz bo‘lgan yoshlarning qiziqish va intilishlarini o‘rganib, ularning bandligini ta’minlashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Yarmarkada 310 nafar yosh ishtirok etdi. Ularga tumandagi 77 ta korxona va tashkilot 250 dan ortiq bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi. Shu kuni 117 nafar yigit-qiz ishga joylashish uchun yo‘llanma oldi. 170 nafar yosh nemis tili o‘quv kurslarida til o‘rganib, Germaniyada mehnat qilish istagini bildirdi. 33 nafariga huquqiy maslahat berildi. 30 nafari hunarmandchilik asosida milliy liboslar, taqinchoq, do‘ppido‘zlik yo‘nalishlarida usta-shogird asosida ish o‘rganadigan bo‘ldi.  

–Milliy hunarmandchiligimizga juda qiziqaman,¬– deydi oltinsoylik Nasiba Xurramova. –Vaqtincha ishsiz bo‘lganim uchun bu yerga kelgan edim. Gulchi hunarmand opaga shogird tushib, ish o‘rganishga qaror qildim. O‘zim uchun qiziqarli hunar bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilganidan juda quvondim.  

Mehnat yarmarkasida bojxona sohasiga qiziqishi bor yoshlarga viloyat bojxona boshqarmasi rahbariyati tegishli maslahat berib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi.  

Tadbir bojxonachilarning ko‘rgazmali chiqishlari va san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlandi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,

O‘zA muxbiri