Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinsoyda uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilmoqda (+video)
08:12 / 2023-11-11

Hayotda ko‘pni ko‘rgan nuroniylar tajribasi, ularning purma’no o‘gitlari o‘sib kelayotgan yosh avlod uchun ibrat maktabidir.

Keksalardan ko‘p narsa o‘ranish va o‘rnak olish mumkin. Ular ko‘z o‘ngimizda mehribon ona, jonkuyar ustoz va tarbiyachi, umrining katta qismi ro‘zg‘or va farzandlar tashvishi, paxta dalasi, ipak qurti parvarishi bilan o‘tgan zahmatkash mirishkor-dehqonlardir. Yoki el-yurt salomatligi yo‘lida har kuni o‘nlab chaqirim yayov yo‘l bosgan shifokor, xotin-qizlar yoki shirindan-shakar nabiralar ardog‘ida bo‘lgan bobo-buvijonlarimizdir. Ana shunday ijobiy fazilatlari bilan yoshlarga misol bo‘la oladigan keksalar va yoshlarni bir davraga yig‘ish maqsadida Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan va mamlakatimiz hududlarda har yili o‘tkazilib kelinayotgan “Uch avlod” uchrashuvlari ham ayni muddaodir.  

Bir necha kun avval Oltinsoy tumani, “A.Bo‘tayev” MFYdagi to‘yxonalarning birida uch avlod vakillarini bir piyola choy ustida to‘plagan, “Biz birga bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak Vatanmiz!” shiori ostidagi ma’naviyat Marafoni tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi boshchiligida 120 nafarga yaqin keksa avlod vakillari ishtirok etdi.  

Yig‘ilishda Bahrom Maxmatrayemov so‘zga chiqib, “tumandagi 54 ta mahallalardan uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, tinchligi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilgan keksa, o‘rta avlod vakillarining taklif qilinganligi, ularning hayot yo‘li yosh avlod tarbiyasida muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.  

— Ishonamanki, ayni damda o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” eng esda qoladigan, taassurotlarga boy tadbirlardan biri bo‘ladi , – dedi tuman rahbari.  

Yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar esa hayoti va mehnat faoliyati davomida to‘plagan boy tajribasi, yoshlik davridagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, mehnat pallasidagi mashaqqatlar, shu bilan birgalikda, bugungi nuroniylik davrlarida ko‘rsatilayotgan  hurmat-ehtirom haqida dil so‘zlarini, samimiy fikrlarini bayon qildilar. Yoshlarimizga bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish kerakligini uqtiradilar, yana ular.  

Tadbirning aksariyat ishtirokchilari keksalar ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun “Shuhrat” medali, Xalq ta’limi a’lochisi, “Mo‘’tabar ayol” hamda “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlanishgan nuroniy onaxonlar, hatto hozirgina paxta dalasidan chiqib kelgan terimchi opa-singillarimiz-u, mahallalarning faol xotin-qizlardan iborat bo‘ldi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/XdSav5w0g8I" title="Oltinsoyda uch avlod uchrashuvlari o‘tkazilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Ma’naviyat marafonida so‘zga chiqqan Respublika Nuroniylar jamg‘armasi xodimi Umrzoq Rahmatov, Oltinsoy tumani hokimi Bahrom Maxmatrayemov, Surxondaryo viloyati Kengashi deputati Ashurali Oripov va boshqalar esa mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar orqali yoshlarga yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, erishilayotgan yutuqlar haqida keng ma’lumotlar va tushunchalar berish, ularda Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat hissini yanada kuchaytirish, tarbiyaga salbiy ta’sir etuvchi g‘oyaviy tahdidlarga qarshi immunitetni mustahkamlash, ilm-fanga, ma’rifatga yo‘naltirish barobarida ma’naviyatga yo‘g‘rilgan jamiyat qurish, shu bilan birgalikda, yosh avlod qalbida Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi dahldorlik hissini kuchaytirish ko‘zda tutilganini alohida ta’kidladilar.  

Tuman hokimi tadbirning jamiyatda faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshi ulug‘ keksalarini olqishlab, ularga atalgan esdalik sovg‘alarini topshirdi. Mahallani obodonlashtirish ishlarida bosh-qosh bo‘layotgan bir guruh nuroniy otaxonlarga ham ehtirom ko‘rsatildi. 

Madaniy tadbir davomida yangaragan diltortar kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA