Oltin kuz oylarida dalalarda fidoyi va jonkuyar dehqonlarning samarali mehnati natijasida mo‘l-ko‘l paxta hosilini yig‘ib olish ishlari boshlanmoqda. Joriy yilda ham Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlari dehqonlari paxta tayyorlash rejasini respublikada birinchi bo‘lib to‘liq bajarish bilan munosib e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Surxondaryo viloyati hokimining matbuot kotibi Murodbek Davlatov ma’lum qilishicha, paxta yig‘im-terimi jarayonida zahmatkashlar o‘z irodasi, mehnati va mas’uliyatini namoyon etgan holda, ilg‘or tumanlar sirasida Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlari o‘z yutuqlari hamda faoliyati bilan alohida e’tiborga sazovor bo‘lmoqda.

Jumladan, Oltinsoy tumani dehqonlari 9 502 tonna paxta hosilini yetishtirib, respublikada paxta sotish shartnomaviy rejasini sharaf bilan bajardi. Qumqo‘rg‘on tumanida esa mehnatkashlar 31 750 tonna hosil yig‘ishga muvaffaq bo‘lib, ushbu yutuq bilan respublikada birinchi bo‘lish sharafiga sazovor bo‘ldi.
Oltinsoy tumanida 2 200 gektar paxtazor maydonida har gektardan o‘rtacha 43,2 sentner hosil olishga erishildi. Bu ulkan yutuqda paxta yig‘im-terimi ishlarini yuqori uyushqoqlik bilan olib borgan bir qator ilg‘or fermerlarning hissasi beqiyosdir. Xususan, “Mengnorov Safar”, “Abduvosit Jahon”, “Bo‘riyev Davlat”, “Feruz”, “Oltinsoylik Mirishkor”, “Qozonko‘l Mirishkori”, “Sodiqov Mehriddin”, “Safar Nur Fidoyi”, “Shohruhbek Haydarov”, “Mustaqillik”, “Tilovmard Alisher”, “Rustam Sohibkor” hamda “Ovchiobod” fermer xo‘jaliklari faoliyati alohida e’tirofga loyiqdir.

Qumqo‘rg‘on tumanida esa sidqidildan, halol mehnat va tashkilotchilik natijasida 7 000 gektar paxtazor maydonida mo‘l hosil yig‘ib olindi. Tumandagi bu yutuqda “Obod Tola 777”, “Yulduz”, “Fayzi Mamatmurodov”, “Normat O‘rozali”, “Qumqo‘rg‘on Mo‘’jizasi”, “Jaloyirlik Farhod”, “Rahmon Ali Sharifjon”, “Elobod Ziyosi”, “Guliston MNZ”, “Shoxrux Faxriddinovich”, “Raimqulov Turop”, “Mubina Farzona 777”, “Murtazo Doniyor”, “Norqobilov Jonibek” va boshqa bir qator fermer xo‘jaliklarining mehnati va mas’uliyati muhim o‘rin tutgan.

Joriy yilda ob-havo sharoitlari dehqonlar uchun noqulay bo‘lishiga qaramasdan, tumanda agrotexnika qoidalariga qat’iy rioya qilindi. Buning natijasida kuz mavsumida dalalar oppoq paxta bilan to‘lib-toshdi.
Paxta yig‘im-terimi yuqori darajada uyushqoqlik bilan olib borilib, terimchilarga o‘z vaqtida mablag‘lar topshirildi. Terim mashinalaridan ham samarali va unumdor foydalanildi.
Oltinsoy va Qumqo‘rg‘on tumanlari rahbarlari Bahrom Mahmatrayev hamda Anvar Normamatov va qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari chigit ekishdan tortib hosil yig‘ishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda dehqonlar bilan yaqin hamkor bo‘ldi.
Natijada mo‘l hosil olingan ushbu tumanlar paxtachilik sohasida ilg‘orlikni mustahkam saqlab qoldi. Bu yutuqlar iqtisodiy taraqqiyotga hamda hudud aholisining farovonligini oshirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Jovli Xushboqov, O‘zA