Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinsoy tumani hokimi bitiruvchi talabalar bilan uchrashdi
15:49 / 2023-04-21

Termiz shahridagi “Yoshlar markazi”da Surxondaryo viloyatidagi oliy ta’lim muassasalarini joriy yilda bitirayotgan Oltinsoy tumanilik yigit-qizlar bilan “Sektor rahbarlari va bitiruvchi talaba-yoshlar uchrashuvi” mavzuida ochiq muloqot o‘tkazildi.

Janubdagi voha tumanlari o‘rtasida Termiz shahrida ilk marta o‘tkazilgan sektor rahbarlari va bitiruvchi talaba-yoshlar uchrashuvini viloyat hokimi o‘rinbosari Ilhom Safarov ochdi va mazkur ochiq muloqotning mazmun-mohiyati, bitiruvchi talabalarni bevosita tuman hokimligi qo‘llab-quvvatlab, ularga har taraflama e’tibor qaratayotganining ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi.  

Joriy yilda viloyatdagi oltita oliy ta’lim muassasasini 350 ga yaqin oltinsoylik talaba-yosh bitirib, mustaqil hayotga yo‘llanma oladi. Innovatsion tuman hokimligi ularning o‘zlari o‘qigan ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bandligini ta’minlab, hayotdan o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish uchun tegishli chora-tadbir belgilab olgan.  

–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 aprel kuni yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi, – dedi tuman hokimi Bahrom Maxmatrayemov. – Endilikda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish uchun yig‘ilishda aytilgan taklif va tashabbuslar bo‘yicha yoshlarga oid davlat siyosatini samarali tashkil etishga qaratilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari” dasturi ishlab chiqilmoqda. Dasturda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bandligini ta’minlash, ularni IT, xorijiy til, zamonaviy kasblarga o‘qitish, sportga jalb qilish, xorijdagi yoshlar bilan ishlash, milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash kabi muhim masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Unda sohada erishiladigan aniq maqsadli indikatorlar belgilanayotir. Shunga muvofiq biz ham innovatsion tumanimizni har taraflama rivojlantirishda sizlarning munosib o‘rningiz bo‘lishini istaymiz. Sizlarning g‘oya va takliflaringizni hamisha qo‘llab-quvvatlaymiz.

Tumanda bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash dasturi doirasida bu yil viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarini tugatayotgan oltinsoylik yoshlarning 224 nafari maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga, 32 nafari qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga, 160 nafari texnopark va tumanda tashkil etilgan kichik sanoat zonalariga ishga joylashtiriladi.  

Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvda mutasaddilar bitiruvchi talaba-yoshlarga davlat xizmatlariga ishga joylashishning tartib-taomillari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Ularning taklif, g‘oya va tashabbuslari tinglandi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimi oltinsoylik bitiruvchi yoshlarni Termiz shahridagi “Muhtashamsaroy” to‘yxonasiga taklif etdi. Talaba-yoshlar serfayz to‘kin dasturxon atrofida bir piyola choy ustida dildan suhbat qurishdi. Kelgusi rejalarini baham ko‘rishdi. Nuroniy otaxonlar oltinsoylik yoshlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishlarini tilab duoga qo‘l ochdi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,  

O‘zA muxbiri