Prezidentimiz 2023 yil 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida vohani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berib, hududga investitsiya jalb etish va sanoatni yuksaltirishdagi eng katta zaxira mavjud konlarni ishga solish ekanini alohida ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbari ilgari surgan bu tashabbusda chuqur ma’no mujassam. Zero, o‘tgan yillarda viloyatning yer osti boyliklarini o‘zlashtirish e’tibordan ancha chetda qoldi. Masalan, bundan sakkiz yil muqaddam voha hududida 70 dan ortiq foydali qazilma koni davlat balansiga olingan bo‘lsa, keyingi yillarda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari va amalga oshirilgan islohotlar tufayli 30 ga yaqin turli qazilma boyliklar aniqlandi. Endilikda bu konlarni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish orqali yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib, aholining bandligi ta’minlanmoqda. Hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanib, odamlarning turmush darajasi yuksalayotir.

Janubdagi vohaning osmono‘par tog‘lari yuqori kaloriyali ko‘mir zaxiralariga ham boy. Ayni paytda shu paytgacha qattiq yoqilg‘i qazib olingan Sharg‘un va Boysun ko‘mir konlarida modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Boysundan 50 chaqirimcha uzoqda Oltinsoy tumanining tog‘li Hovuz qishlog‘i hududida yana bir ko‘mir koni o‘zlashtirilmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, bu yerdagi bir qatlamli konning qalinligi 6,5 metrgacha bo‘lib, 500 metr chuqurlikkacha joylashgan zaxirasi bor. Hududda aniqlangan yirik va sifatli qattiq yoqilg‘i mamlakatimiz xalq xo‘jaligining yuqori kaloriyali ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini qoplash hamda mahalliy iste’molchilardan ortiq qismini xorijga eksport qilish imkoniyatini yaratadi.

Tog‘lar qo‘ynida 440 gektardan ortiq maydonni egallagan konni “Turon eko ko‘mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘zlashtirmoqda. Qiymati 595 milliard so‘mlik yangi loyiha to‘liq ishga tushgach, ming kishining bandligi ta’minlanib, sanoat usulida yiliga 360 ming tonnagacha qattiq yoqilg‘i qazib olish mo‘ljallanayotir.

Konning dastlabki bosqichida 50 million dollar mablag‘ sarflanib, ochiq usulda ko‘mir qazib olish loyihasi ishga tushirildi. Bu mablag‘ning 25 million dollari xorij sarmoyasidir.
– Birinchi bosqichda 150 kishi mehnat qilmoqda, – deydi “Turon Eko ko‘mir” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Asliddin Qobilov. – Korxonamizning yillik eksport hajmi 7 million dollarni tashkil etmoqda. Shuningdek, yangi shaxtalarni ochib, ko‘mir qazib olishga hozirlayapmiz.

Istiqbolli yirik loyihani amalga oshirish uchun o‘tgan yillarda bu yerda katta hajmdagi kon usti ishlari bajarildi. 20 kilometr masofaga yo‘l qurildi. Omborxona barpo etildi. Elektr tarmog‘i tortilib, xorijning yangi maxsus kon texnikalari keltirildi.
Sanoat korxonalari uchun yuqori kaloriyali ko‘mir yetkazib berishni boshlagan loyiha tashabbuskorlari qattiq yoqilg‘i qazib olishni yangi, zamonaviy texnika va mexanizmlar yordamida amalga oshirib, mahsulot tannarxini arzonlashtirishni, olis tog‘ qishloqlari aholisi bandligini ta’minlashni mo‘ljallayotgani ahamiyatli bo‘lmoqda.
– Jahonda arzon va sifatli ko‘mirga ehtiyoj ortib bormoqda, – deya suhbatni davom ettiradi Asliddin Qobilov. – Bu boylikni zamonaviy texnologiyalar asosida o‘zlashtirib, sifatli qazib olish iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat korxonalari va boshqa iste’molchilarni ishonchli, arzon ko‘mir bilan ta’minlash imkoniyatini bera boshladi. Issiqlik ajratish darajasi yuqori bo‘lgan konni bosqichma-bosqich o‘zlashtirish orqali mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirib, tog‘ qishloqlari aholisini ish bilan ta’minlaymiz. Buning uchun imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etib, olinayotgan foyda hisobidan yangi texnologiyalar xarid qilyapmiz. Ish unumi yuqori bo‘lgan mexanizmlar yordamida tog‘ qaridan sifatli mahsulot qazib olib, buyurtmachilarga yetkazib beryapmiz. Ko‘mir qazib olishning yildan-yilga oshib borishi bu yerda mehnat qilayotgan shaxtyorlarni o‘z vaqtida ish haqi bilan ta’minlab, turmush darajasini oshirish va mehnat sharoitlarini yaxshilashda muhim omil bo‘lmoqda.
Loyiha tashabbuskorlari joriy yil yakunigacha ko‘mir qazib olish va sanoat korxonalariga yetkazib berishni 80 ming tonnaga yetkazishni ko‘zda tutmoqda. Buning uchun mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ishlab chiqarish hajmini yanada oshirishga harakat qilayotir.
Viloyatda yangi qattiq yoqilg‘i konining o‘zlashtirilayotgani ko‘mir ishlab chiqarish sanoatida davlat byudjetiga to‘lovlarni yanada oshirib, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qila boshladi. Bularning barchasi milliy iqtisodiyotimiz barqarorligini, mamlakatimiz obodligini ta’minlash va aholining hayot darajasini yuksaltirishga yo‘naltirilgan xalqchil islohotlarning amaldagi samarasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri