Pillachilik mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biri, pilla esa yengil sanoat uchun muhim xom-ashyolardan biri hisoblanadi. Shu bois ham yurtimizda pillachilikni rivojlantirish, sifatli pilla yetishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Ayni kunlarda Andijon viloyati tumanlarida ushbu mavsumda yetishtirilgan pilla hosilini yig‘ib-terib olish ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Jumladan, Oltinko‘l tumani pillakorlari tomonidan yetishtirilgan “kumush tola” hosili omborlarga topshirilmoqda. Ipak qurti boqish, pillachilik sohasida o‘ziga xos tajriba maktabi shakllangan Oltinko‘l tumanida joriy yilda 3 ming 578 quti ipak qurti parvarishlanib, 207,5 tonna pilla xom ashyosi yetishtirish rejalashtirilgan.
– Mavsum boshida tumanda faoliyat olib borayotgan “Guantun” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy urug‘chilik korxonasi mutaxassislari tomonidan mavjud 11 ta inkubatoriyada 3 ming 578 quti sifatli urug‘ tayyorlanib, tumandagi 495 nafar kasanachi hamda 142 ta fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi, – deydi “Oltinko‘l agropilla” korxonasi rahbari Husniddin Qodirov. – Kasanachilar tomonidan 60 tonna, fermer xo‘jaliklari tomonidan 139 tonnadan ziyod, “Guantun” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston – Xitoy urug‘chilik korxonasi tomonidan 8 tonnaga yaqin pilla hosili yetishtirish belgilangan.
Ta’kidlash kerakki, pillakorning bir oylik mehnati yilga tatiydi. Ipak qurti parvarishi o‘ta nozik ish. Xona haroratini bir xilda ushlab turish, qurtlarga o‘z vaqtida ozuqa berish, bularning bari aytishga oson xolos. Erta tong tutzorga borib barg kesib kelish, yarim tun demasdan qurtlarga barg solish o‘ziga yarasha mehnat, mashaqqatni talab etadi. Bu ishlarning hadisini olgan pillakorlar esa haqiqiy mirishkorlardir.
[gallery-12110]
Tumanning Ijtimoiyat mahallasida yashovchi, kasanachi Gulchehra va Baxtiyor Nazirovlar yigirma yildirki ipak qurti boqib keladi. 70 sotix tutzorlari bor. Joriy mavsumda ular 2 quti ipak qurti parvarishlab, 118 kilogramm pilla topshirdi.
– Pilla yetishtirish bilan shug‘ullanib kam bo‘lmadik, – deydi Baxtiyor Nazirov. – Butun oilamiz bilan bir oy shu ish bilan astoydil shug‘ullanamiz. Daromadi ham yomon emas. Bu yil ham yetishtirilgan sifatli pillani klaster korxonasi omboriga birinchilardan bo‘lib topshirdik, shu kuniyoq pulini oldik. Eng asosiysi, tuman agropilla korxonasi tomonidan biz kasanachilarga ish staji yozib borilmoqda.
Avvallari pillakorlar topshirgan pillasi uchun yillar davomida pulini ololmasdan sarson bo‘lar edi. Endilikda ko‘plab tumanlarda bunday muammo to‘la bartaraf etilgan. Jumladan, “Oltinko‘l zar ipagi” klaster korxonasi tomonidan topshirilgan pilla uchun o‘z vaqtida hisob-kitob qilish yo‘lga qo‘yilgan, ortiqcha ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilmaydi. Joriy yilda tumandagi “Turkiston” massivida 12 nafar kasanachi hamda 16 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 323 quti ipak qurti parvarish qilindi.
– Kasanachilarimiz o‘z ishining haqiqiy mirishkorlari, – deydi “Oltinko‘l agropilla” korxonasining mazkur hududdagi agronomi Zulayho Ahmadjonova. – Sharifa Esonova, Marhabo Ismoilova, Odina Satimova, Hamid Sobirov singari ilg‘or kasanachilarimiz har yili belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarib, barchaga namuna bo‘ladi. Mazkur massivda yashovchi Marhabo Ismoilova bu yil o‘z xonadonida to‘rt quti ipak qurti parvarish qilib, yuqori hosil olishga erishgan kasanachilardan biridir.
– Bir necha yildan buyon oilamiz bilan ipak qurti parvarishlab kelamiz, – deydi M. Ismoilova. – Avvalo, qurtga mehr qo‘yish kerak. U ham tirik jon. Ayniqsa, qurt boqilayotgan xonalar ozoda, shinam, doimiy havo aylanib turishi lozim. Hatto, bargni ham yuvib berish kerak. Har bir kvadrat metrga 1 gramm qurt urug‘i yoyaman. Ular qancha siyraklashtirilsa, hosil shuncha mo‘l va yirik bo‘ladi.
Umuman, Oltinko‘l tumanida o‘z ishining haqiqiy ustasiga aylangan pillakorlar ko‘p. Shu bois ham, tuman har yili viloyatda birinchilar qatori yillik rejani bajaradi. Ayni kunda nafaqat aksariyat kasanachilar, balki fermer xo‘jaliklari ham belgilangan rejani ortig‘i bilan ado etdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA