Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida aholi turmush darajasini ko‘tarish, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda.
Tumandagi mahallalarda yashovchi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholi bandligini ta’minlash maqsadida ana shu toifadagi ko‘plab oilalar o‘z xonadonlarida parranda parvarishlashga jalb etilmoqda.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Zohidjon Xorinov tomonidan ana shunday oilalarga bir kunlik 35 ming dona jo‘ja bepul tarqatildi.
- Ko‘plab aholi vakillari parranda parvarishi borasida muayyan tajriba va malakaga ega, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari X.Isomiddinov. – Ana shundan kelib chiqib, aholiga jo‘ja tarqatildi. Bundan tashqari, jo‘jalarni parvarishlash bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berilmoqda. Mutaxassislar tomonidan aholi vakillariga daromad topish sirlari o‘rgatilmoqda.
Tumanda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar oilalarning doimiy daromad manbaini shakllantirishga, aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA