French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinko‘l tumanida 180 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi
16:28 / 2025-09-09

Andijon viloyatida “Fuqarolik jamiyatida ishtirok etish orqali hududlarda gender islohotlarga ko‘maklashish” loyihasi yakunlariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Yevropa Ittifoqi hamda Nemis Xalq Universitetlari Assotsiatsiyasi (DVV International) ko‘magida “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha Andijon, Samarqand, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida xotin-qizlar va yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Jumladan, loyiha doirasida Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat va Bo‘ston mahallalarida istiqomat qiluvchi, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 180 nafar xotin-qiz kasb-hunarga o‘qitildi. Ular qandolatchilik, tikuvchilik, kompyuter savodxonligi, sartaroshlik va boshqa yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Ayrim ishtirokchilarning tadbirkorlik tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanib, ularning biznes loyihalari amalga oshirilishi uchun moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatildi.

Tadbirda “Sabr” markazi rahbari Mavluda Shirinova, xalqaro ekspert Yelena Godfri, loyihaning viloyat treneri Nargiza Mirzalimova, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Oltinko‘l tumanida amalga oshirilgan ishlar natijasida 180 nafar xotin-qiz kasb egasiga aylandi, – deydi Mavluda Shirinova. – Ularning ayrimlari o‘z mahallalarida tadbirkorlikni boshladi. Masalan, 10 nafar ayolga turli jihozlar olib berildi, shu orqali daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Ijtimoiyat mahallasida yashovchi Muqaddamxon Nazirova loyiha doirasida chevarlik kursini tamomlab, mahallada tikuv sexi tashkil etdi. U bankdan olingan kredit hisobiga qo‘shimcha uskunalar xarid qildi va hozirda bir nechta ishsiz xotin-qizni ish bilan ta’minlagan.

[gallery-25223]

– Bu loyiha men kabi ayollar uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi, – deydi u. – Faqat kasb emas, balki ish o‘rni yaratish, shogird tayyorlash imkoniga ham ega bo‘ldik.

Tadbir yakunida kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan va o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan bir guruh ayollarga tikuv mashinalari topshirildi. Shuningdek, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bo‘ston mahallasiga elektromotoroller, Ijtimoiyat mahallasiga esa qandolatchilik faoliyati uchun zarur jihozlar berildi. Umumiy qo‘llab-quvvatlash mablag‘i 15 million so‘mni tashkil etdi.

F. Ubaydullayev,

 Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari