Joriy yilda Andijon viloyatining Asaka, Oltinko‘l, Xo‘jaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududlarga aylantirish, “og‘ir” toifadagi Bo‘ston, Paxtaobod va Ulug‘nor tumanlarida kambag‘allikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilangan.
Bu borada Oltinko‘l tumanida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Jumladan, o‘tgan yil boshida tumanda kambag‘allik darajasi 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida yil yakuniga kelib, ishsizlik darajasi 4,4 foizga, kambag‘allik darajasi esa 2 foizga tushirildi.
– Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida xonadonlar toifalarga ajratib olindi. Har bir xonadon “yashil”, “sariq” va “qizil” toifaga ajratildi. Daromadi kam, lekin daromad topishga harakat qilayotgan va muhtoj oilalar bilan ishlashga, har bir mahallaning “o‘sish nuqtasi”, ya’ni ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularning daromadini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Mahallalar dehqonchilik va issiqxona xo‘jaligi, chorvachilik va parrandachilik, bog‘dorchilik, savdo, xizmatlar ko‘rsatish hamda mebelsozlikka ixtisoslashtirildi, – deydi tuman hokimi Otavullaxon Rasulov.
Tumandagi Ijtimoiyat mahallasidagi 547 ta xonadonda 3 ming 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mahallaning asosiy drayveri mebelsozlik hisoblanadi.
– Mahallamizdagi 427 ta xonadonda mebel tayyorlash, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan, – deydi “Ijtimoiyat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Odiljon Daminov. – Shuningdek, xonadonlarda 220 ta issiqxona mavjud. Bundan tashqari, dehqonchilik qilish uchun 87 nafar fuqaroga 15 sotixdan yer ajratib berilgan.
[gallery-27647]
Darhaqiqat, mahallada “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mebel mahsulotlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Mahalladagi 427 ta xonadon ana shu ish bilan shug‘ullanadi. Tayyorlanayotgan mebellar nafaqat Andijon bozorlarida, balki Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Jizzax viloyatlaridagi savdo tashkilotlariga yetkazib beriladi, shu bilan birga qo‘shni davlatlarga eksport qilinadi.
– O‘n yildan beri mebelsozlik bilan shug‘ullanib kelamiz, – deydi yakka tartibdagi tadbirkor To‘lanboy Nazirov. – Bir necha turdagi stol-stullar tayyorlaymiz. Oila a’zolarimizdan tashqari, yana 5 nafar kishi doimiy ish bilan band. Ishchilarimiz bajargan ishiga qarab 4 – 4,5 million so‘m maosh oladi. Shu ish ortidan daromad topish bilan birga, hunar o‘rganish istagidagi mahalladoshlarimizga, ayniqsa, yoshlarga mebelsozlik hunarini o‘rgatib kelyapman.
Mebelsozlar ko‘chasida yashovchi Nigoraxon va Sardorbek Mamajonov xonadonida ham buyurtma asosida turli ko‘rinishdagi stullar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
– Buyurtmaga qarab stul tayyorlaymiz, – deydi Nigoraxon Mamajonova. – Bu jarayonda oilamizdagi kattayu kichik ishtirok etadi. Murakkab ishlarni turmush o‘rtog‘im bajarsa, bo‘yoqlash, g‘ilof qilish kabi yengil ishlarni farzandlarim bilan birga tayyorlaymiz.
O‘tgan yilning o‘zida mahalladagi xonadonlarda 5 ta yangi issiqxona barpo etilib, mahalladagi issiqxonalar soni 220 dan ortdi. Issiqxonalarda bodring, pomidori, bulg‘or qalampiri, karam, baqlajon singari mahsulotlar va gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Mirishkor dehqonlar yilning to‘rt faslida bozorni sifatli va servitamin mahsulotlar hamda ziravor ko‘katlar bilan to‘ldirib keladi.
Mahallaning Hurzamon ko‘chasida yashovchi Muqaddasxon va Rahimjon Ismoilov xonadonida 5 sotix maydonda issiqxona barpo etilgan.
– Kelinlarim, nabiralarim bilan issiqxonada mehnat qilamiz, – deydi Muqaddas Ismoilova. – Issiqxonadan yiliga kamida ikki marta hosil olamiz. Hozirda parvarishlayotgan karam ko‘chatlar aprel oyida yetiladi. Ko‘chatlarni Oltinko‘l va Andijon bozorlariga yetkazib beramiz. Bu ish ortidan yaxshigina daromad topyapmiz. Dehqonchilik ortidan uylar quryapmiz, to‘ylar qilyapmiz, turmushimiz chiroyli o‘tmoqda.
– Umuman, mahallamiz tumandagi eng obod, fayzli, ahil va tinch mahallalardan biri hisoblanadi, – deydi mahallada ish olib borayotgan hokim yordamchisi Guldona Qurbonova. – Urush-janjali, nizoli oilalar umuman yo‘q. Eng asosiysi, bekorchi odamning o‘zi yo‘q, hamma o‘z ishi bilan band. O‘tgan yil boshida mahallamizda kambag‘al oilalar soni 42 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib 10 taga tushdi.
Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, bandligini ta’minlash maqsadida mahalladagi hokim yordamchisi, bank agenti tavsiyasi bilan 49 nafar fuqaroga 1 milliard 88 million so‘m miqdorida kredit ajratildi, 4 nafar fuqaroga subsidiya asosida qiymati 55 million so‘m bo‘lgan tikuv mashinalari berilib, ularning bandligi ta’minlandi.
Umuman, mazkur mahallada aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, avvalgi yillarda “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan, dehqonchilik qilib, o‘z daromadini oshirish istagidagi 200 nafardan ziyod fuqaroga 10-15 sotixdan yer berilgan. Berilgan yerlarda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilmoqda.
– Ajratib berilgan 15 sotix yerga dastlab kartoshka ekdik, – deydi mahallaning Rohatbaxsh ko‘chasida yashovchi Mohira Hamidullayeva. – Oilamiz ehtiyojidan ortganini sotib besh million qo‘shimcha daromad oldik. Kartoshkadan bo‘shagan yerga makkajo‘xori ekib, undan ham mo‘l hosil oldik.
Oltinko‘l tumanidagi Ijtimoiyat va har bir shu kabi ko‘plab mahallalarni ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli rejalar o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.