Andijon futbol akademiyasi stadionida “Viloyat hokimi kubogi” musobaqasining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Millionlar o‘yini hisoblangan futbol bo‘yicha joriy yil mart oyida boshlangan hokim kubogi musobaqasida tuman, shaharlar, oliy o‘quv yurtlari, korxona va tashkilotlarning 26 jamoasi g‘oliblik uchun bahsga kirishgan edi.

Qiziqarli bahslar asosida o‘tgan musobaqa finaliga eng kuchli jamoalar yetib keldi. Ya’ni finalda Oltinko‘l tumanining “Oltinko‘l” hamda Andijon shahridagi “Uz Tong Hong Ko” korxonasi jamoalari g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Yakunda oltinko‘llik futbolchilar raqiblarini 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, hokim kubogini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning g‘olibi, shuningdek, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon”, “Eng yaxshi himoyachi”, “Eng yosh futbolchi” singari qator nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlarni Andijon futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzodbek Karimov muborakbod etib, ularga kubok, diplom va esdalik sovg‘alarni tantanali ravishda topshirdi.


F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari