Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinko‘llik fermer biogaz ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘ymoqchi
16:18 / 2017-08-30

Faxriddin Ismoilovning chorvachilikdagi boy tajribasi soha vakillariga namuna. Mehnatsevarligi va tashkilotchiligi tufayli odamlar orasida hurmat qozongan.

Faxriddin Ismoilovning chorvachilikdagi boy tajribasi soha vakillariga namuna. Mehnatsevarligi va tashkilotchiligi tufayli odamlar orasida hurmat qozongan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 26-avgustdagi farmoniga binoan Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi» fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilov “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

– Mehnat qadrlanadigan yurtda yashash – baxt, – deydi F.Ismoilov. – Bugun mehnat qilgan kam bo‘lmayapti. Fermer xo‘jaligimiz 2006-yilda tashkil topgan. Dastlab, 330 boshdan ko‘proq mahalliy qoramol boqdik. 2010-yilda Germaniyadan 93 bosh “Shvits” zotli qoramol olib keldik. Keyinchalik har yili 300-400 bosh qoramol olib kelishni yo‘lga qo‘ydik. Hozir zotli qoramollar soni ikki yarim ming boshga yetdi.

Xo‘jalikdagi yuqori mahsuldor “Simmental”, “Golshtin friz”, “Shvits” zotli qoramollarning har biridan bir kunda o‘rtacha 24 litr sut sog‘ib olinmoqda.

Qo‘shimcha tarmoqlarni rivojlantirish maqsadida echkichilik yo‘lga qo‘yildi. Yangi loyihani amalga oshirish uchun xo‘jalikka Germaniyadan “Zaanen” zotli echkilar olib kelindi. Ularning har biridan 3-3,5 litr sut sog‘ib olinmoqda. Hozir echkilar soni 650 yetdi.

Joriy yil mulkdorga xayrli keldi. O‘zbekiston Prezidenti sovrini uchun "Tashabbus – 2017" ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida Faxriddin Ismoilov «Yilning eng yaxshi fermeri» yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

– Bunday nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lish katta sharaf, – deydi F.Ismoilov. – Raqobat juda kuchli bo‘ldi. Chunki ko‘rik-tanlovda eng ilg‘or va salohiyatli tadbirkorlar qatnashdi. Mamlakatimizda bunday tashabbuskorlar ko‘p va ular turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Istiqboldagi rejalarimiz talaygina, jumladan, xalqaro bozorga chiqishni mo‘ljallaganmiz.

Xo‘jalikka Ulug‘nor tumanidan 1,5 ming gektar yer ajratildi. Hozir 400 gektarga yong‘oq ekilmoqda. Qolgan maydonlarda 10 ming bosh echki va 2 ming bosh qoramol parvarishlashga mo‘ljallangan zamonaviy kompleks qurish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, biogaz ishlab chiqarish tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda. Joriy yilning oxiriga qadar kuniga 2 ming kub metr biogaz ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.