Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinkoʻlda oilaviy ajrimlar keskin kamaydi
17:28 / 2019-08-19

Oltinkoʻl tumanida “Fikr, soʻz, tahlil, amaliy ish birligi – faoliyatning muhim mezoni” mavzusida koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.


Oltinkoʻl tumanida “Fikr, soʻz, tahlil, amaliy ish birligi – faoliyatning muhim mezoni” mavzusida koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.

Andijon viloyati hamda Oltinkoʻl tumani xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida oʻtkazilgan mazkur tadbirda tuman, shahar hokimlari oʻrinbosarlari, xotin-qizlar qoʻmitalari raislari, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tuman, shahar boʻlimlari, Ayollar ijtimoiy reabilitatsiya markazlari rahbarlari, xotin-qizlar qoʻmitasi boshlangʻich tashkilotlari raislari, mahalla fuqarolar yigʻinlarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari ishtirok etdi. Unda xotin-qizlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, oilalarni mustahkamlash, faoliyatga oid meʼyoriy hujjatlarni yuritish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalari xususida atroflicha fikr almashildi.

Tadbirda keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning samarali faoliyat yuritishida, bandligini taʼminlashda, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishda keng koʻlamli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi.

Ishtirokchilar dastlab xotin-qizlar qoʻmitasi koʻmagida imtiyozli kredit olib, turli yoʻnalishlarda tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar faoliyati, ularning ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

Joriy yilning birinchi yarmida 6 nafar oltinkoʻllik ayol Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan ajratilgan kredit hisobiga tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi.

– Xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyasi bilan 60 million soʻm kredit olib, oʻz xonadonimda qolipli non va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydim, – deydi “Toptiq” mahalla fuqarolar yigʻini yashovchi Zulfira Holmatova. – Ayni kunda seximizda tayyorlanayotgan qolipli non va bir necha turdagi qandolat mahsulotlari xaridorlarga manzur boʻlmoqda. Eng muhimi, mahallamiz ahli ana shu mahsulotlarni xarid qilish uchun uzoqqa borib yurmaydi, qolaversa, 5 nafar xotin-qiz doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

Seminarda “Toptiq” mahalla fuqarolar yigʻini xotin-qizlar qoʻmitasi boshlangʻich tashkilotining 5 ta yoʻnalishdagi guruhlar faoliyatini tizimli tashkil etish boʻyicha taqdimoti namoyish etildi.

Shundan soʻng “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi qoshida tashkil etilgan “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar maktabi” oʻquv kursi faoliyati bilan tanishildi. Markazning navbatdagi mashgʻulotida toʻqqiz nafar qizni tarbiyalab, voyaga yetkazib, turmushga chiqargan Saodatxon ona Isroilovaning boʻlgʻuci kelin-kuyovlar bilan suhbati barchada katta qiziqish uygʻotdi. Onaxon yoshlarga oʻzining boy hayotiy tajribalari haqida gapirib, oilani mustahkamlash yuzasidan zarur tavsiya va maslahatlar berdi.

Tumanda oilalarni mustahkamlash borasida olib borilayotgan bu kabi ishlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida 186 oila yarashtirildi, ajrimlar oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 25 taga kamaygan. Seminar doirasida ogʻir ijtimoiy sharoitda yashayotgan bir guruh nogiron ayollarga Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining jamoat fondi tomonidan ajratilgan nogironlik aravachalari hamda eshitish moslamalari topshirildi.

Seminar qatnashchilari “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi faoliyatiga oid meʼyoriy hujjatlarning yuritilishi, oilani mustahkamlash boʻyicha tumandagi ilgʻor ish tajribalari bilan yaqindan tanishdi. Mazkur yoʻnalishdagi ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.