Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltinga talab oshmoqda
14:56 / 2026-03-10

Yaqin Sharqdagi keskinlik va Eronga qarshi zarbalar ortidan jahon bozorida oltin narxi rekord darajaga chiqdi: bir unsiya qiymati 5 420 dollargacha ko‘tarilib, investorlar xavfsiz aktiv sifatida tilla quyma va tanga sotib ola boshladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, geosiyosiy xavf kuchaygan payt sarmoyadorlar virtual mablag‘dan ko‘ra real boylikni afzal ko‘radi. Polshadagi “Mazovia Mint” zarbxonasi rahbari Pavel Mazurek so‘zlariga ko‘ra, Eronga qarshi hujumdan keyin oltinga talab keskin oshdi. Xaridning bir qismi sarmoya maqsadini ko‘zlasa, qolgani urush kuchayishidan xavotir tufayli amalga oshirilmoqda.

Shunga o‘xshash holat 2022-yil Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganda ham kuzatilgan: juda ko‘p odam mablag‘ini saqlab qolish uchun ommaviy ravishda tilla xarid qilgan. Polshada 2025-yil aholining taxminan 21 foizi oltinga sarmoya kiritgani qayd etilmoqda.

Oltinning asosiy afzalligi saqlash va tashish osonligi bilan bog‘liq. Zero, qiymati yuz minglab dollarga teng bir kilogramm tilla hajmi smartfoncha keladi. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga ko‘ra, investitsiyaviy oltin xaridi qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan.

Tahlilchilar ushbu qimmatbaho metallga talab ortishiga faqat urush sabab emasligini ta’kidlamoqda. Inflyatsiya, dollarga ishonch pasayishi va geosiyosiy noaniqlik ham investorlar diqqatini shu aktivga jalb qilyapti. Ayrim banklar taxminicha, 2026-yil oxirida oltin narxi 6 000 dollardan oshishi mumkin.

Musulmon Ziyo, O‘zA