“Oltin yorug‘” juda qadimiy, falsafiy asar.
Inson mohiyati va ko‘ngli, inson tanasi va ezgulik yo‘lida qilinadigan ish-amallar bu asarning falsafiy asosini tashkil qiladi.
Asar qadimgi turkiy qavmlarning yozma yodgorliklari manzarasi naqadar kengligini, turkiy xalqlar badiiy tafakkuri jarayonini belgilashda muhim manba ekani bilan ham ahamiyatli.
Ayni paytda turkiy xalqlarning IX-X asrlardagi o‘ziga xos til xususiyatlarini, turkiy adabiy til taraqqiyotini “Oltin yorug‘” o‘zida to‘liq mujassam etadi.
Turkiy xalqlar uchun mushtarak bo‘lgan bu yozma yodgorlik turkiy tilli xalqlar orasida uyg‘ur tilidan so‘ng ilk bor o‘zbek tiliga tabdil qilindi. Bu mashaqqatli ishni zahmatkash olim Nasimxon Rahmon amalga oshirdi.
“Oltin yorug‘” bir necha asrlar davomida Turonzamin ma’naviy muhiti barqarorlashuviga katta xizmat qilgan noyob asar – hujjat.
Doston buddaviylik g‘oyasiga asoslangan bo‘lib, alohida ilm sifatida xalqning shuuriy izlanishlari, e’tiqod butunligi orqali paydo bo‘lgan. Ayniqsa, turkiy tilli xalqlar orasida shuhrat topib, X-XVIII asrlarda o‘n martacha ko‘chirilgan va sharqning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.
Asarning asl matni taxminan milodiy I asrda sanskrit tilida yaratilgan. Olimlar o‘rtasida ushbu dostonning yaratilishida turkiy qavmlar ham ishtirok etgan degan fikrlar mavjud.
”Oltin yorug‘” sudur (sutralar)dan tashkil topgan. Sudur sanskritcha “hikmatli so‘z, qisqa yo‘llanma” ma’nosini bildiradi.
Asar yozma adabiy manba sifatida qadimgi turkiy qavmlarning jahon madaniyati tarixida tutgan o‘rnini belgilovchi muhim omillardan biri bo‘lgani bilan ham qadrlidir.
O‘zA