Oltin tarkibli ma’danni qayta ishlash imkoniyati kengaydi
“Qoqpatas va Dovg‘iztov oltin konlarida ma’dan qazib olish (III navbat)” investitsiya loyihasi asosida 3-gidrometallurgiya zavodida yiliga 700 ming tonna oltin tarkibli ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega 8-maydalash tegirmoni ishga tushirildi.
– Navoiy kon-metallurgiya kombinatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida yangi ishlab chiqarish quvvatlari bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda, – deydi 3-gidrometallurgiya zavodi bosh muhandisi Tolmas Hasanov. – Yangi tegirmonlarni ishga tushirish esa ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yili zavodimizda ma’danni qayta ishlash hajmi 10 million tonnadan oshgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 10,8 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.


Ushbu tegirmon, asbob-uskuna va ehtiyot qismlar mahalliylashtirilib, Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan. Qurilish ishlari Zarafshon qurilish boshqarmasi hamda Shimoliy kon boshqarmasi tomonidan amalga oshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA