Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan "Oltin qalam" XVI Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovning g‘olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan ushbu tadbirga ommaviy axborot vositalari xodimlari, sohaga oid oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, ekspertlar, yosh ijodkorlar, yurtimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlar va elchixonalarning vakillari, shuningdek, bir qator xorijiy davlatlardagi media uyushmalarning mutasaddilari taklif etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, tanlov tashkiliy qo‘mitasi raisi Olimjon O‘sarov keyingi yillarda mamlakatimizda milliy jurnalistika sohasini tubdan isloh etish, fuqarolarning so‘z va axborot olish erkinliklarini ta’minlash borasida keskin ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari - Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov mamlakatimiz va jahon miqyosida yuz berayotgan voqeliklarga xolis, haqqoniy yondoshish, uni teran tahlil etish, muammolarni xolis tanqid vositasida hal etishga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi. bugungi kunda milliy jurnalistika xalq bilan davlat o‘rtasida tobora shaffof ko‘zguga aylanmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, tahririyatlarning moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash, jurnalistlarning zamonaviy va tezkor formatda ishlashi uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, "Chegarasiz reportyorlar" xalqaro nohukumat tashkiloti tomonidan tuziladigan So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi. Bu esa mamlakatimizda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini jamoatchilik fikrini ifoda etadigan “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida qo‘yilayotgan muhim qadamlarning amaliy natijalaridan biridir.
Ommaviy axborot vositalari xodimlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni izlanishlar sari da’vat etishda turli ma’rifiy loyihalarning ahamiyati katta bo‘lmoqda. 2006 yildan buyon o‘tkazilib kelinayotgan "Oltin qalam" Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi jurnalistlarni ijodiy izlanishga chorlash, ularning faolligini oshirish, islohotlar shiddatini tezkor, xolis va haqqoniy tarzda aholiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilda o‘tkazilayotgan "Oltin qalam" Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga 448 nafar ishtirokchi besh mingga yaqin ijodiy ishlarini topshirgan.
Bu yil tanlov ishtirokchilari ishini baholashda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi rasmiy jurnalistlar.uz sayti orqali keng jamoatchilik ishtirokidagi on-layn baholash ham yo‘lga qo‘yildi. Har bir ishtirokchining alohida sahifasi bo‘lib, ishtirokchilarning elektron ro‘yxati shakllantirildi.
"Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovi g‘olib va sovrindorlari deb quyidagilar topildi:
"Eng yaxshi jurnalistik material uchun"
(televideniye) yo‘nalishida 1-o‘rin "Madaniyat va ma’rifat" telekanalidan Yulduz Fayziy
2-o‘rin "Sevimli" telekanalidan Mo‘’tabar Nurmuhammedova
3-o‘rin Maftuna Mamasiddiqova ("Ruxsor TV" Farg‘ona viloyati) g‘olib bo‘ldi.
"Eng yaxshi jurnalistik material uchun"
(radio) 1-o‘rin Farog‘at Barnoyeva Navoiy TRK muxbiri,
2-o‘rin Zarbuvi Choriyeva
3-o‘rin Nodira Maqsudova g‘olib bo‘ldi.
"Eng yaxshi material uchun" nominatsiyasi bo‘yicha internet-jurnalistika yo‘nalishida 1-o‘rin Norgul Abdurayimova -O‘zA bo‘lim mudiri, 2-o‘rin kun.uz nashri muxbiri Ilyos Safarovga, 3-o‘rin xabar.uz muxbiri Anvar Namozovga nasib etdi.
"Eng yaxshi material uchun" nominatsiyasida bosma nashrlar bo‘yicha 1-o‘rin "Xalq so‘zi" - "Narodnoye slovo" gazetasi bosh muharriri O‘tkir Rahmatov, 2-o‘rin "Yerkin Qaraqlpaqstan" gazetasi muxbiri Gulayim Saparova, 3-o‘ringa "Qiziriq" tumanidagi "Taraqqiyot" gazetasi bosh muharriri Chori Alimov hamda "Yoshlar kundaligi" tahririyati munosib topildi.
N.Usmonova,
O‘zA