Bugun COMEX xalqaro birjasida oltinning bir unsiyasi 4600 dollardan oshdi, deb xabar bermoqda “Reuters” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatgichga bir nechta omillar, jumladan, Qo‘shma Shtatlarda Federal zaxira banki raisi Jerom Pauellga nisbatan jinoyat ishining ochilishi, Erondagi norozilik namoyishlari, shuningdek, Oq uy rahbarining avvaldan bashorat qilib bo‘lmas bayonotlari ta’sir ko‘rsatgan.
Iqtisodchilar fikricha, oltin narxi kelajakda ham o‘zgaruvchan bo‘lsa-da, uzoq muddatda yangi rekord darajalarga – 5000 dollar va undan yuqoriga yetishi mumkin.
Oltin bilan bir vaqtda boshqa qimmatbaho metallar narxi ham keskin yuqoriladi. Xususan, kumush va platina narxi 4 foizdan ko‘proqqa oshgan, palladiy bilan ham sezilarli o‘sish qayd etildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2025 yilda oltin narxi 64,4 foiz, kumush esa 141,4 foizga oshgan. Ushbu o‘sishga foiz stavkalarining pasayishi, sayyoramizda geosiyosiy taranglikning kuchayishi va AQSH dollariga ishonchning kamayishi ta’sir qilgan.
O‘.Alimov, O‘zA