Toshkent shahrida “Oltin kuz” iqtidorli ijodkor yoshlar forumi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlis bayonida joriy yil 31 oktyabr – 4 noyabr kunlari “Oltin kuz” iqtidorli ijodkor yoshlar forumini tashkil etish va o‘tkazish belgilangan.
Mazkur forum mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasida faoliyat yuritayotgan iqtidorli ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni ijodiy jarayonlarda birlashtirish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning iqtidori va qobiliyatlarini rivojlantirish, soha rivojida fidoyiligi hamda tashabbuskorligini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
Forum doirasida “Matbuot anjumani”, “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, “Madaniyat to‘lqinlari” media loyiha g‘oliblarini taqdirlash marosimi, “Nazm gulshani” yosh shoirlar ijodiy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, mazkur ijodiy loyihaning uzviy davomi sifatida 3 noyabr kunidan boshlab “Oltin kuz” nomli xalqaro orkestrlar festivali o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu forumda 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan madaniyat va san’at sohasi vakillari, faol ijodkorlar hamda iste’dodli yoshlar ishtirok etadi.
Forum doirasida yoshlar uchun manfaatli bo‘ladigan bir qator tadbirlar, taniqli shaxslar va malakali psixologlar ishtirokida motivatsion sessiyalar o‘tkaziladi.
Shuningdek, yosh san’atkorlar bilan shoirlarning hamkorligini yo‘lga qo‘yish orqali mazmunli qo‘shiqlar yaratilishini ta’minlash maqsadida “Nazm gulshani” yosh shoirlar ijodiy uchrashuvlari tashkil etiladi. Bu esa ijodiy jarayonlarda hamkorlikda ishlash va kreativ ijtimoiy loyihalar yaratishda birlashish imkonini beradi.
Forum orqali yoshlarning sohaga bo‘lgan fidoyiligi mustahkamlanadi va liderlik qobiliyatlari rivojlanadi. Ijodkor yoshlarning ijodiy hamkorligi o‘rnatiladi, yoshlar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Yoshlar ijodi keng ommaga targ‘ib qilinib, ular bilan hamkorlikda yangi ijod mahsulotlari va ijodiy loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi va rag‘batlantiriladi.
N.Usmonova, O‘zA