Madaniyat va san’at sohasi yoshlarini bir nuqtada birlashtirayotgan “Oltin kuz” forumi yuzasidan tadbir ishtirokchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumani davomida forum doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlar haqida ma’lumot berildi.

Jumladan, forum doirasida yoshlar uchun manfaatli bo‘ladigan bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Yangi iqtidorlarni saralab olish va ijodkor yoshlar safini kengaytirish, ularni davlat tadbirlariga jalb etish maqsadida ijodiy tanlovlar yuqori saviyada o‘tmoqda.
Yoshlarni ruhlantirish, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish, qiyinchiliklarni yengib o‘tish, sohaga fidoyiligini oshirishga qaratilgan motivatsion sessiyalar ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Madaniyat yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega ustozlar tomonidan amaliy mashg‘ulot va mahorat darslari bo‘lib o‘tmoqda.
Ijodkor yoshlar o‘z loyihalarini namoyish qilishi va ijtimoiy tarmoqlar orqali ijod mahsulotlarini keng ommaga targ‘ib qilishi bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.

“Nazm gulshani” yosh shoirlar ijodiy uchrashuvi milliy adabiyotimizda ham umidli yoshlar yetishib chiqayotganini anglatadi.
"Oltin kuz" yosh iqtidorlar forumi ijodiy jarayonlarda hamkorlikda ishlash va kreativ ijtimoiy loyihalar yaratishda birlashish imkonini bermoqda.
Forum doirasida gala-konsert va taqdirlash marosimi o‘tkazilishi e’tiborga molik.
N.Usmonova,
O‘zA