Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oltin kuz avvalidagi katta musiqa
21:14 / 2022-09-08

Mamlakatimizning eng yetakchi va otaxon ijodiy jamoasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrining navbatdagi 93- ijodiy mavsumini shunday deb nomlangan ajoyib konsert dasturi bilan boshladi.

Ochiq osmon ostida – Open air konserti tarzida o‘tkazilgan ushbu konsert O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik teatri, Toshkent shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Aytish joizki, mamlakatimizda kechgan ikki yillik og‘ir pandemiya davri madaniyat va san’at ravnaqiga oid loyihalar rivojiga sira ta’sir ko‘rsatmadi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida eng ilg‘or g‘oya va tashabbuslar sinovli damlarda ham faol qo‘llab-quvvatlandi. Yurtimiz va jahon teatrlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlandi. On-layn tarzda bo‘lsada tanlovlar o‘tkazildi. Barcha talablarga qat’iy rioya etgan holda xalqaro loyihalar, konsertlar, mahorat darslari faol davom etdi. Yurtboshimizning bu boradagi barcha g‘amxo‘rliklari, ezgu intilishlari jahon miqyosida ham yuksak e’tirof etildi.

Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan ham ilgari misli ko‘rilmagan qiziqarli festivallar, ijodiy-madaniy tashabbuslar faol joriy etilayotgani san’at muxlislari uchun katta tuhfa bo‘lmoqda.

Xalqaro aloqalar rivojida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri jamoasi uchun zarur barcha imkoniyat va sharoitlar yaratib berildi. Opera va balet festivallari, yosh operachilar ko‘rik-tanlovi, dunyoning eng rivojlangan davlatlarining musiqiy va xoreografik jamoalari bilan konsertlar san’at muxlislarini mamnun etdi.

Mazkur teatrning 93-ijodiy mavsumi yurtimizning nomdor opera yulduzlari bilan birga jahonning nomdor xonandasi Alessandro Safina ham ishtirok etgani yurtimiz madaniy hayotida o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.

Mashhur xonanda Alessandro Safinaning qo‘shiqlari har bir opera san’ati ixlosmandining qalbidan o‘rin olgan. Betakror ovozli bu italyan xonandasining “La sete di vivere”, “Luna”, “Aria e memoria”, “Life Goes on” kabi musiqiy albomlari xonandaga jahoniy shuhrat keltirgan.

Ayni paytda uning o‘zbek va bir qator chet ellik xonandalar bilan birgalikda ijro etgan O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, ustoz ijodkorimiz Erkin Vohidovning "Inson" qasidasi asosidagi qo‘shig‘i musiqaning betakror namunasi, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va taklifi asosida yaratilgan bu qo‘shiqni o‘zbek tilida Ozodbek Nazarbekov, qozoq tilida Omirqul Ayniyazov, arab tilida Ahmad Al-Xuraybiy, turkchada Rafet El-Roman, italyan tilida Alessandro Safina, ingliz tilida Dilafruz Rustamova, tojik tilida Zafar Abdualimov, rus tilida Oleg Gazmanov yurakdan samimiy kuyladilar. Ezgu maqsadga yo‘g‘rilgan "Inson" qasidasi jahonning eng mo‘’tabar minbarlardan yangradi...

... Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatriga tutash fayzli xiyobonda ajib musiqa ohanglari yangraydi. Konsert san’at, do‘stlik, hamjihatlik chegara bilmasligini, o‘zbek opera yulduzlari jahon xonandalar bilan vobasta ijod etayotganini yana bir karra isbotladi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri