Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida ushbu festival ishtirokchilarini taqdirlash marosimi hamda O‘zbekiston milliy simfonik orkestri va xorijiy san’atkorlar ishtirokida katta konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Marosim avvalida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov so‘zga chiqib, G‘arb va Sharq mamlakatlarining klassik musiqasini namoyon etish, xalqaro toifadagi yetakchi orkestrlar va ijrochilar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirish hamda ularning o‘zaro ijodiy tajriba almashinuvini ta’minlashda “Oltin kuz” Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivalining o‘rni beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. Barcha ijodiy jamoalarga muvaffaqiyatli ishtirok uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tadbir davomida festivaldagi faol ishtiroki uchun bir qator mehmon jamoalar vakillari va O‘zbekiston davlat filarmoniyasi ijodkorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Shundan so‘ng tantanali yopilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert taqdim etildi. Dastur davomida xalqaro tanlovlar sovrindorlari Ayana Bekenova, Elgiz Beyshenbayev (Qirg‘iziston), Saltanat O‘rinbayeva (Qozog‘iston), Shafoat Usmonzoda, Manuchehr Rahmonov (Tojikiston), Nikita Statsenko, Sarvinoz O‘roqova (O‘zbekiston), Fyodor Kabelskiy hamda Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artist Yuliya Rubina (Rossiya) tomonidan ijro etilgan jahon klassik musiqasining mashhur kompozitsiyalari va qo‘shiqlari tomoshabinlarning gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.

E’tiborlisi, mazkur konsert dasturida taniqli kompozitor Oydin Abdullayevaning “Yangi O‘zbekiston” asari ilk marotaba dunyoviy premera sifatida ijro etildi. Milliy cholg‘ular, sato, tanbur va dutor navolarining simfonik orkestr uyg‘unligidagi ijrosi ushbu o‘zbekona musiqiy asarning jozibasini namoyon etib, muxlislarga yuqori kayfiyat baxsh etdi.
Bundan tashqari konsertda V.A.Mosart, I.S.Bax, J.Bize, M.Glinka, S.Prokofev kabi nomdor klassik kompozitorlarning asarlari mahorat bilan tomoshabinlarga taqdim etildi.

Shu tariqa, “Oltin kuz” ikkinchi xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali o‘z yakuniga yetdi. Uning shukuhi va taassurotlari esa ancha vaqtgacha ijodkorlar va muxlislar qalbida saqlanib qolsa ajab emas.
Bu nufuzli festival mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlab, musiqa san’atining tinchlik, do‘stlik va hamjihatlikdagi kuchini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova, O‘zA