Shu kunlarda Toshkent viloyatining paxta dalalarida yetishtirilgan hosilni o‘z vaqtida terib olish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Terimga jalb etilgan fuqarolarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ko‘chma tibbiy ko‘rikni tashkil qilish, savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha joylarda zarur sharoitlar yaratilgan.
Xususan, joriy yil O‘rta Chirchiq tumanida 115 ta fermer xo‘jaliklari tomonidan 4 ming 200 gektar maydonda 18 ming 500 tonna paxta xomashyosi yetishtirish ko‘zda tutilgan. Hozirda hudud fermerlari “oq oltin”dan ulkan xirmon yaratish ishtiyoqda mehnat qilmoqda.

Mazkur jarayonlar bilan tanishish maqsadida tuman hokimligi va Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi tomonidan OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Dastlabki manzil hududdagi “Istiqlol” fermer xo‘jaligi dalasi bo‘ldi. Bu yerda terim mashinalari tomonidan hosil yig‘ilmoqda.
– Joriy yil 47 gektar maydonda Xitoyning hosildor chigit navini ekdik. Natijalarimiz yaxshi bo‘lyapti. Hosilni terim mashinalari orqali tez fursatda yig‘ilib, xirmonga yetkazilmoqda. Bir kunda 15-30 tonna paxta teriladi. Bitta terim mashinasi 150-200 nafar terimchining ishini bajaradi, – deydi “Istiqlol” fermer xo‘jaligi rahbari Farhod Hasanov.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tumanda jami 46 ta terim otryadi tashkil etilgan bo‘lib, 17 ta yuqori unumli terim mashinasi va 5 ming 500 nafardan ziyod terimchilar otryadlarga biriktirilgan. Mavsumda alohida o‘rnak ko‘rsatganlar rag‘batlantirilmoqda. Joylardagi har bir xo‘jalikda terimchilar uchun yetarli sharoit bor va ularga pullari o‘z vaqtida berilyapti. Har kuni tushlikda dala shiyponida issiq ovqat, choy, non tashkil etilgan.
Press-tur davomida jurnalistlar fermerlar, terimchilar bilan suhbatlashdi. Ayni paytda terim mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Buning uchun joylarda zarur xavfsizlik choralari ko‘rilib, paxta yig‘im-terim mavsumini betalafot va samarali o‘tkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mehnat inspeksiyasi tomonidan doimiy ravishda paxta dalalarida monitoring olib boriladi.

Asosiy maqsad – ishchilarga munosib mehnat sharoiti yaratilgan, mehnat shartnomasi tuzilgani ko‘zdan kechiriladi. Majburiy va bolalar mehnati bilan bog‘liq holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘riladi. Buning uchun joylarda terimchilar va ishchilar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/5jsJn96D2MY" title="Oltin kabi tovlangan oppoq dalalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev (surat, video), O‘zA.