Toshkent dengizi yoki rasman “Tuyabug‘uz” suv ombori — Toshkent viloyatidagi yirik gidrotexnik inshoot bo‘lib, Toshkentdan 32 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Suv ombori Ohangaron va Chirchiq daryolari oqimini tartibga solish uchun qurilgan bo‘lib, uning bir qismi Toshkent kanali orqali o‘tkaziladi. Yozda suv ombori suvi qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun ishlatiladi. Suv omborining maydoni 20 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Ammo oxirgi qurg‘oqchilik yillarda dengiz qirg‘oqdan chekinib, sayoz bo‘lib qoldi. Uning umumiy hajmi 250 million m³, foydali hajmi 224 million m³, to‘ldirilgan suv omborining o‘rtacha chuqurligi 12,5 m.
Toshkent dengiziga 1962 yilda asos solingan. Keyinchalik Ohangaron oqimi uzunligi 2,9 km bo‘lgan tuproqli to‘g‘on bilan to‘sib qo‘yildi, uning tepasi betonlangan bo‘lib, undan Toshkent – Bekobod avtomobil yo‘li o‘tadi.
“Kindiktepa” tarixiy maskani suv toshgan hududga to‘g‘ri kelib qoldi. Tepalikning yuqori qismi esa suv ustidagi orolchaga aylangan. Tepalik yemirilishi barobarida arxeologlar uchun qiziqarli topilmalar aniqlandi: tangalar, tegirmon toshlari, kulolchilik buyumlari va erta o‘rta asrlarga oid boshqa noyob buyumlar.

2017 yilda suv omborida elektr stansiyasining qurilishi boshlandi. 2019 yilning mart oyida esa 12 MVt quvvatga ega “Tuyabug‘uz” GESi birinchi tokni uzatishni boshladi. Toshkent dengizi toshkentliklarning sevimli xordiq maskani. Qirg‘oqlarida ko‘ngilli dam olish uchun sharoitlar yaratilgan. Choyxonalar, supalar bilan jihozlangan tabiiy plyajlar va avtoturargohlar shular jumlasidandir.
Suvda har doim juda ko‘p qayiqlar, yelkanli qayiqlar va katerlar bo‘ladi. Baliqchilar ko‘p, chunki suv baliqlarga boy. Ammo shu o‘rinda qayd etish lozimki, cho‘milish hududida hamon bolalar uchun mo‘ljallangan alohida muhofaza hududi yo‘q.
Davlatimiz rahbari “Toshkent viloyati yuksak iqtisodiy salohiyatga, ulkan tabiiy va insoniy resurslarga ega hudud sifatida mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutadi”, deya alohida ta’kidlab o‘tgan.
Haqiqatan, shunday. Ammo uning iqtisodiy salohiyatidan maqsadli va unumli foydalanilyaptimi?..
Ma’lumki, 2019 yilda Toshkent viloyatida turizmni jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, Toshkent dengizini o‘z ichiga olgan turistik “Oltin halqa” konsepsiyasi tasdiqlandi. Toshkent viloyatida turizm “Oltin xalqa” konsepsiyasini amalga oshirish istiqbolli hududlarning yangi turizm yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro bog‘liqlikda rivojlantirish, turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, taklif etiladigan turizm mahsulotlari turlarini kengaytirish, turizm sohasida aholi bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan.
Konsepsiya doirasida dastlab, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Bo‘stonliq, Parkent, Zangiota, Ohangaron, Bo‘ka, Chinoz tumanlari va Angren shahri qamrab olinishi va u keyinchalik viloyatning boshqa hududlariga ham tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Konsepsiyada Zangiota – Chinoz – Bo‘ka – Ohangaron – Angren – Parkent – Bo‘stonliq yo‘nalishida turizm marshrutlari xaritalarini ishlab chiqish, ushbu tumanlarning yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ularda milliy choyxonalarni tashkil etish va boshqa vazifalar nazarda tutilgan. Turizm marshrutlarida alohida “Oltin halqa” yo‘nalishli taksilar, zamonaviy yengil avtomashinalar, mikroavtobuslar va avtobuslarning qatnovini tashkil qilish belgilab qo‘yilgan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qarorda belgilangan muddat o‘tgan bo‘lishiga qaramasdan, belgilangan ishlar to‘liq amalga oshirilmagan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2021 yilda Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi raisi Davron Hidoyatov viloyat Kengashining “Xalqaro tajribani keng qo‘llash bilan Toshkent viloyatida jamoat transportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga imzo chekdi.
Qarorda qayd etilishicha, loyihaning konsepsiyasi ishlab chiqilgan. Uning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish uchun viloyat byudjetining orttirib bajarilgan qismidan 6,9 milliard so‘m ajratish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA